1

Shavkat Mirziyoev: “Yagona yo`limiz – tadbirkorlar sonini ko`paytirish”

Siyosat 08.01.2020, 19:17
Shavkat Mirziyoev: “Yagona yo`limiz – tadbirkorlar sonini ko`paytirish”

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida bugun, 8 yanvar kuni Davlat byudjeti parametrlarini ijro etish va hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish bo`yicha joriy yilgi ustuvor vazifalarga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishi o`tkazildi. 

2020 yil 1 yanvardan yangi tahrirdagi Soliq kodeksi amaliyotga tatbiq etildi. Bu islohotlardan asosiy maqsad – joriy va kelgusi yillarda iqtisodiy barqarorlikni ta`minlashdir. 

Yig`ilishda buning uchun tadbirkorlarni qo`llab-quvvatlash va bu orqali byudjet tushumlarini muntazam oshirib borish zarurligi ta`kidlandi.

– Yagona yo`limiz – tadbirkorlar sonini ko`paytirish, odamlarni ishbilarmon qilish! Har bir hokim byudjetga qo`shimcha daromadlarni ta`minlashi uchun o`zi izlanishi, tadbirkorga sharoit yaratib, biznes vakillari bilan elkama-elka ishlashi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoev. 

Joylardagi rahbarlarning eskicha ish uslubi, energiya resurslari iste`moli va to`lovi bo`yicha hisob-kitob yuritishi, tadbirkorlarni qiynayotgan masalalarga yondashuvi tanqid qilindi. O`tgan yili Mirzo Ulug`bek, G`uzor va Muborak tumanlarida faoliyat ko`rsatmayotgan tadbirkorlar soni oshgani ko`rsatib o`tildi. 

– Bitta tadbirkor o`z faoliyatini to`xtatsa ham, bunga “favqulodda holat” sifatida qaralishi kerak, – deya ta`kidladi Prezident. – Iqtisodiy barqarorlik asosi raqobatbardosh tadbirkorlarni ko`paytirishdir.

Yig`ilishda joriy yil birinchi chorakda byudjetga soliq tushumlarini ta`minlash uchun hokimlar boshchiligida, ularning iqtisodiy masalalar bo`yicha birinchi o`rinbosarlari, moliya va soliq idoralari tomonidan amalga oshiriladigan vazifalar belgilab berildi.

Avvalo, yangi tadbirkorlik sub`ektlarini tashkil qilish hamda faoliyatini to`xtatgan korxonalarni tiklashga ko`maklashish kerakligi ta`kidlandi. Buning uchun elektr, gaz, yo`l, suv bilan bog`liq infratuzilmani yaxshilash, yangilarini barpo etish zarur. Shu bois hokimiyatlar tomonidan oshirib bajarilgan daromadlar, birinchi navbatda, hududlarda mavjud infratuzilmani yaxshilashga yo`naltirilishi belgilandi. 

Shuningdek, tayyor infratuzilmasi bor kichik sanoat zonalarining 263 gektar maydoni va 50 mingdan ziyod ob`ektlaridan samarali foydalanilsa, ko`plab yangi quvvatlar tashkil etish mumkin. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga viloyat hokimliklari bilan birgalikda shu borada manzilli dastur ishlab chiqish vazifasi qo`yildi.

Davlatimiz rahbari har bir tuman kesimida resurs solig`i to`lovchilarni hamda ularning ob`ektlarini hisobga olish, ish o`rinlari va tadbirkorlar faoliyatini legallashtirish bo`yicha ham topshiriqlar berdi. 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1