1

Prezident kripto-aktivlar sohasini rivojlantirish bo`yicha qaror qabul qildi

Siyosat 28.01.2020, 18:16
Prezident kripto-aktivlar sohasini rivojlantirish bo`yicha qaror qabul qildi

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining «O`zbekiston Respublikasida kripto-aktivlar aylanmasi sohasini yanada rivojlantirish to`g`risida»gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

Qaror loyihasi kripto-aktivlar aylanmasini rivojlantirish  va «blokcheyn» texnologiyasini joriy etish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish hamda normativ-huquqiy tartibga solishni takomillashtirish maqsadida ishlab chiqilgan. 

Bugungi kunda, raqamli aktivlar (tokenlar, kripto-aktivlar va boshqalar) hamda blokcheyn texnologiyasini rivojlantirish iqtisodiy faoliyat samaradorligini oshirish, oshkoraligini ta`minlash va moliyaviy bitimlar xarajatlarni kamaytirish uchun istiqbolli yo`nalishlaridan biri hisoblanadi. 

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 3 iyuldagi «O`zbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi PQ-3832-sonli qarorini qabul qilish O`zbekiston Respublikasida kripto-aktivlar sohasini rivojlantirishni boshlash uchun zamin yaratdi. Bu jahon hamjamiyati tomonidan ijobiy qabul qilindi, investision jozibadorlikni oshirdi va mamlakatimizning ilg`or texnologiyalar va innovasiyalarni joriy etishga sodiqligini yana bir bor namoyon etdi. Mamlakatimizda kripto-birjalar faoliyatini lisenziyalash bo`yicha normativ-huquqiy baza shakllantirildi, kripto-birja faoliyatini amalga oshirish O`zbekistonda va Markaziy Osiyo mintaqasida birinchi lisenziya berildi. 

«Regulyativ hudud»ni yaratish: 

Mazkur texnologiyaning 10 yildan ortiq vaqt davomida mavjudligiga qaramay, jahon amaliyotida hali kripto-aktivlar aylanmasi, shu jumladan kripto-aktivlarni ishlab chiqarish (mayning), ularni yaratish va bozorga chiqarish, kripto-birjalar faoliyatini tashkil etish kabi masalalarni normativ-huquqiy tartibga solish bo`yicha yagona yondashuv ishlab chiqilmagan. Shu bilan birga, davlatlar oldida kripto-aktivlardan noqonuniy maqsadlarda foydalanishning oldini olish, shu jumladan, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, noqonuniy daromadlarni o`zlashtirish va terrorizmni moliyalashtirish bilan bog`liq xatarlarni minimallashtirishni hisobga olgan holda, to`g`ri tartibga solish siyosatini shakllantirish bilan bog`liq yangi muammolar kelib chiqmoqda. Ularni huquqiy tartibga solish uchun yangicha uslubiy yondashuvlarni ishlab chiqish talab qilinadi. Jahon tajribasi shuni ko`rsatadiki, ushbu masalaning samarali echimlaridan biri bo`lib, pilot loyihalarni amalga oshirish, ularni tartibga solish usullari va mexanizmlarini sinab ko`rish bo`yicha huquqiy eksperimentlarni o`tkazish uchun maxsus «Regulyativ hudud»ni yaratish hisoblanadi.  Innovasion texnologiyalar sohasida muhim yutuqlarga erishgan ko`plab mamlakatlarda bunday «Regulyativ hudud»lar yaratilgan. Masalan, ular Buyuk Britaniya, Singapur, Niderlandiya kabi mamlakatlarda yangi moliyaviy mahsulotlar va xizmatlarni joriy etish uchun tashkil qilingan. 

 Qaror loyihasiga ko`ra, «Regulyativ hudud»ni yaratishning asosiy maqsadlari va vazifalari sifatida quyidagilar keltirilgan: 

* O`zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlari bilan tartibga solinmagan sub`ektlar o`rtasidagi munosabatlarning yangi turlarini shakllantiradigan zamonaviy raqamli texnologiyalarni sinovdan o`tkazish va pilot tarzda amalga oshirish uchun muhit yaratish;

* eskirgan va zamonaviy talablarga javob bermaydigan normalar aniqlangan taqdirda normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, yangi tartibga solish mexanizmlarini shakllantirish va ularni sinovdan o`tkazish;

*  kripto-aktivlar aylanmasi sohasida innovasion loyihalarni amalga oshirish, blokcheyn texnologiyasi va boshqa zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etish, shu jumladan kripto-aktivlarni emissiya qilish (tokenlarni yaratish va boshlang`ich taqsimotini amalga oshirish) bo`yicha pilot loyihalarni amalga oshirishda va blokcheyn texnologiyalari loyihalariga investisiya qilishda sub`ektlarga ko`maklashish;

*  raqamli mahsulotlar va xizmatlar turlarini, shu jumladan eksportga yo`naltirilgan echimlar sonini oshirish, innovasion raqamli texnologiyalarni respublika va jahon bozoriga chiqarish muddatlari va xarajatlarini kamaytirish; 

* «Regulyativ hudud» ishtirokchilari va respublika bo`yicha kadrlarga bo`lgan mavjud va istiqboldagi talabni inobatga olgan holda, yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashni tashkil etish. Mazkur loyihaga ko`ra, «Regulyativ hudud»ning rezidenti maqomi, ularning joylashgan joyidan qat`iy nazar, ekstraterritoriallik tamoyili asosida, O`zbekiston Respublikasi rezedentlari-yuridik shaxslarga berilishi mumkin. Bunda, potensial rezidentlar «Regulyativ hudud»da amalga oshirish va sinash uchun taklif etilgan kripto-aktivlar aylanmasi yoki «blokcheyn» sohasidagi noyob texnologiyalariga (mahsulotlariga, xizmatlariga) ega bo`lishlari, yoki ommabop texnologiyalardan foydalanishda innovasion yondashuv qo`llanilayotganligini isbotlashlari, aniq maqsadlar ko`rsatilgan biznes-rejaga, xavflarni baholash to`g`risida hisobotga va ularni kamaytirish bo`yicha choratadbirlar rejasiga, va boshqa bir qator mezonlarga ega bo`lishlari lozim. Pilot loyihalarni amalga oshirish maqsadida rezidentlarga 12 oy vaqt beriladi, ushbu davr mobaynida zarur tartibga solish mexanizmlari ishlab chiqiladi. Joiz bo`lganda, mazkur muddat 24 oydan oshmagan muddatga uzaytirilishi mumkin. «Regulyativ hudud»ning muhim afzalligi shundan iboratki, sinov davomida, uning rezidentlari, istisno tarzida, amaldagi ma`lum bir qonun talablariga rioya qilishdan ozod qilinishi mumkin (bunday normalar ro`yxati vakolatli organ bilan kelishilgan bo`lishi lozim). «Regulyativ hudud» rezidentlariga, O`zbekiston Respublikasi rezidentlari va norezidentlari – sub`ektlar bilan, xizmatlar ko`rsatish bo`yicha shartnomalar (takliflar, bitmlar) tuzish huquqini taqdim etiladi. Bunda, «Regulyativ hudud» doirasida qabul qilingan huquqiy normalarga amal qilayotgan bo`lsa, kelishuv shartlari amaldagi qonunchilik normalaridan chetga chiqishi mumkin bo`ladi. Biroq, kompaniyalar mazkur tartiblarga rioya qilmagan taqdirda, «Regulyativ hudud» rezidenti maqomidan ayriladilar. «Regulyativ hudud»ning operativ boshqaruvi Direksiya tomonidan amalga oshiradi.

 «Milliy mayning-pul»ni yaratish:

 Kripto-aktivlar mayningini amalga oshirayotgan, O`zbekiston Respublikasi rezidentlari va norezidentlari bo`lgan maynerlarning texnik quvvatlarini birlashtirish maqsadida Milliy mayning-pulni tashkil etish ko`zda tutilgan. Milliy mayning-pulni tashkil etishning asosiy maqsad va vazifalari quyidagilar: 

 O`zbekiston Respublikasi hududida xususiy va sanoat maynerlari uchun qulay sharoitlar yaratish;  

* mayning sohasida iqtisodiy samaradorlikni ta`minlash maqsadida mayning uskunalarining texnik quvvatlarini birlashtirish; 

* oshkoralik, xavfsizlik va nazorat darajasini oshirish, shuningdek, kripto-aktivlar mayningi sohasida energiya iste`moli samaradorligini oshirish; 

* kripto-aktivlar aylanmasi sohasida potensial xorijiy sarmoyadorlar uchun O`zbekiston Respublikasining investision jozibadorligini oshirish. 

Loyihada sanoat mayningi (100 kVt/soatdan ortiq energiya iste`mol qilgan holda mayning) faoliyatini lisenziyalash va xususiy maynerlar faoliyatini ro`yxatga olish mexanizmini joriy qilish taklif etilmoqda. Maynerlarning Milliy mayning-pulda ishtirokini rag`batlantirish chorasi sifatida ular uchun elektr energiyasi uchun haq to`lashda, belgilangan tarifga oshirish koeffisentini ishlatmaslik taklif qilinadi. Ma`lumot uchun: 2019 yil dekabr oyida elektr energiyasidan foydalanish qoidalariga o`zgartirishlar kiritildi, kripto-aktivlar muomalasi, shu jumladan mayning bilan bog`liq faoliyat bilan shug`ullanuvchi iste`molchilarga tegishli tarif guruhining belgilangan tarifiga 3 barobar orttirilgan koeffisientni qo`llash to`g`risida o`zgarishlar amalga oshirildi. 

Loyihaga ko`ra, kripto-aktivlar aylanmasi bilan bog`liq noqonuniy operasiyalar holatlari aniqlangan taqdirda tegishli tarif guruhining belgilangan tarifiga 3 barobar orttirilgan koeffisienti qo`llaniladi. Mayning-pul faoliyatini operativ boshqarish «Raqamli ishonch» raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishni qo`llab-quvvatlash fondi ta`sischiligida tashkil etilgan operator tomonidan amalga oshiriladi.  Operator shuningdek, O`zbekiston Respublikasida sanoat mayningi faoliyatini lisenziyalash bo`yicha Agentlikning ishchi organi hisoblanadi. Loyihada, shuningdek, aholini energiya bilan ta`minlash sohasida favqulodda holatlar yuzaga kelganda, Mayning-pulning yoki alohida maynerning faoliyatini vaqtinchalik to`xtatib turish choralari ham ko`zda tutilgan. Mayning-pul ishtirokchilari, mayning natijasida olingan kripto-aktivlarni vakolatli organdan tegishli lisenziya olgan kripto-birja orqali yoki maxsus platforma orqali sotishlari mumkin bo`ladi. 

Umuman olganda, mazkur Prezident qarori loyihasini qabul qilish quyidagilarga erishish uchun xizmat qiladi: 

 * kripto-aktivlar aylanmasi va blokcheyn texnologiyasi sohasida innovasion loyihalarni jadal sur`atlarda ishga tushirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish, mayning sohasini rivojlantirish;   

* yangi texnologiyalarni joriy etishda fuqarolarning huquq  va manfaatlarini himoya qilish bilan bog`liq xatarlarni baholash  va minimallashtirish mexanizmini joriy etish; 

* kripto-aktivlarni fuqarolik aylanmasiga bosqichma-bosqich  va nazorat qilgan holda kirishini tashkil etish orqali yangi tartibga solish usullarini sinab ko`rish mexanizmini yaratish; 

* zamonaviy mahsulot va xizmatlarni joriy etish uchun maxsus shartlarni taqdim etish orqali yuqori texnologiyalar sohasidagi xorijiy innovasion kompaniyalarni jalb qilish; 

* raqamli texnologiyalar sohasida mahsulot va xizmatlar eksporti hajmini oshirish;

*  kripto-aktivlar aylanmasi va blokcheyn texnologiyasi sohasida kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish uchun asos yaratish; 

* O`zbekiston Respublikasining xalqaro maydonda innovasiyalarga ochiq va investisiyaviy jozibador mamlakat sifatida imidjini oshirish.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1