1

Koronavirus neft bozorini sarosimaga solmoqda

Jamiyat 10.03.2020, 11:35
Koronavirus neft bozorini sarosimaga solmoqda

OPEKga a`zo davlatlar va boshqa neft eksport qiluvchi mamlakatlarning o`tgan juma kuni qora oltin qazib olishni qisqartirish bo`yicha bir to`xtamga kela olmagani xalqaro neft bozorini sarosimaga solib qo`ydi. Bu mavzu borasida UzA  tahlil va sharh e`lon qildi

Ekspertlar buning oqibatida jahon iqtisodiyotida tanglik boshlanishi mumkinligidan xavotir bildirishmoqda. Masalan, dushanba kuni xalqaro birjada “Brent” markasining may oyi uchun fyuchers narxi 28,69 foizgacha tushib, bir barrel uchun 32,28 dollar miqdorida belgilandi.

Ushbu narx 2016 yilda qayd etilgan eng past ko`rsatkichni ham yangiladi. “WTI” markasining aprel oyidagi narxi esa 31,35 foiz pastlab, bir barrelga 28,33 dollardan beriladigan bo`ldi.

Natijada xalqaro valyuta bozori ham kuchli tebranishlarni boshdan kechira boshladi.

Xalqaro tahlilchilar bir ovozdan bunday vaziyatga koronavirusning jahon iqtisodiyotiga salbiy ta`sirini sabab sifatida ko`rsatishmoqda.

“Times” gazetasining yozishicha, Saudiya Arabistoni neft sohasida Rossiyaga “urush” e`lon qilgan. O`tgan juma kuni OPEK+ a`zolari neft qazib olishni qisqartirish bo`yicha shartnomani uzaytira olmadi. Ya`ni, Rossiya va Saudiya Arabistoni bu borada bir to`xtamga kela olmadi.

Rossiya mavjud shartlarni saqlab qolishni taklif qilayotgan bo`lsa, Saudiya Arabistoni neft qazib olishni yana qo`shimcha ravishda qisqartirish tarafdori ekanini ma`lum qilgan. 1 apreldan boshlab neft qazib olishni qisqartirish bo`yicha amaldagi shartnoma o`z kuchini yo`qotadi va hech bir davlat shartnomaga amal qilmaydi.

Dunyo bozoriga chiqarilayotgan neftning salmoqli ulushi Rossiya va Saudiya Arabistoni hissasiga to`g`ri kelayotgani hisobga olinadigan bo`lsa, shubhasiz bu “urush” boshqa neft eksport qiluvchi mamlakatlarni ham sarosimaga solishi aniq. Masalan, tahlilchilar, neft urushi AQSh obligasiyalar bozori uchun ham juda xavfli bo`lishini taxmin etishmoqda. “Rapidan Energy Group” ekspertlari esa olovga moy quygandek, “bu boshlanishi, narx tushishi hali davom etadi”, deya bashorat qilishmoqda.

Xullas, neft narxining pasayishi hozir rekord darajagacha etdi. Kuzatuvchilar “Saudi Aramco” kompaniyasining neft narxini tushirish haqidagi bayonoti ortidan ro`y berayotgan tanglik Saudiya Arabistoni bilan Rossiya o`rtasidagi munosabatlarni yomonlashtirishi mumkinligini ham aytishmoqda.

OPEK va Saudiya Arabistoni vakillarining ta`kidlashicha, ushbu harakat neft bozorida Rossiya ulushining bir qismini tortib olish uchun amalga oshirilmoqda. Kelasi oyda Saudiya Arabistoni neft qazib olish ko`rsatkichini kuniga 10 million barrelga, zarurat tug`iladigan bo`lsa, 12 million barrelga ham etkazishi mumkin.

“Wall Street Journal” esa e`tiborini neft bozorida yuzaga kelgan sarosima xalqaro oltin bozoriga qay tarzda ta`sir etayotganiga qaratdi. Nashrning ta`kidlashicha, Osiyoda oltin narxi keyingi etti yilda eng yuqori cho`qqiga etgan va bu o`sish yana davom etishi mumkin. O`z navbatida, “New York Times” gazetasi neft narxining 20 foizdan ham tushib ketishi 1991 yildan buyon eng keskin pasayishdir, deya uqtiradi. Mutaxassislarning aytishicha, tanglikdan chiqishning birdan bir yo`li Saudiya Arabistoni bilan Rossiyaning murosaga kelishidir. Narx pasayishi bundan keyin ham davom etsa, “bu jarayonni hech kim to`xtata olmaydi“.

Neft narxining tushib ketishi iqtisodiyotning ko`plab yo`nalishlariga salbiy ta`sir ko`rsatadi. Masalan, boshqa neft ishlab chiqaruvchi davlatlarni ham o`ta tang ahvolga solib qo`yadi. Bu borada eng ko`p zararni Venesuela va Eron ko`rishi mumkin, chunki ushbu davlatlar iqtisodiyotida neft savdosidan tushgan valyuta tushumi katta o`rin tutadi. Shundog`am, AQShning iqtisodiy jazo chorasini boshdan kechirayotgan bir paytda, Venesuela va Eron uchun bu zarbaning asorati o`ta og`ir kechishi turgan gap. Bundan tashqari, neft narxining uzoq muddat past saqlanib qolishi AQShning o`zida ham katta qarzi bor neft kompaniyalari uchun moliyaviy bosimni kuchaytirib yuborishi mumkin. Iqtisodiyoti neft eksportiga bog`liq Nigeriya, Angola va Braziliya kabi bir qator davlatlar ham endi qiyin vaziyatda qolishi turgan gap, deyishyapti ekspertlar.

“Washington Post” gazetasining yozishicha, hech kim zarar ko`rishni istamaydi, binobarin bu borada tomonlar bir to`xtamga kelib, neft ishlab chiqarishni qisqartirish bo`yicha shartnoma imzolashi ham mumkin. OPEK a`zolarining ekspertlar darajasidagi majlisi mart oyi oxiriga belgilangan. O`shanda neft narxi tushib ketishining oldini olish bo`yicha barcha eksportyor mamlakatlar uchun maqbul qaror qabul qilinishi mumkin. Agar tomonlarni qoniqtiradigan umumiy bir qarorga kelinmasa, 2020 yilda bir barrel neftning narxi 20 dollarga pastlaydi. Bu esa, “Exxon” kompaniyasining Yaqin Sharq bo`yicha sobiq eksperti Ali Xederi ta`kidlaganidek, “juda katta geosiyosiy oqibatlarga” olib kelishi mumkin.

Bunday bashoratni “Goldman Sachs” banki ham bildirmoqda. Bank mutaxassislarining ta`kidlashicha, neft bozorida kechayotgan voqealar rivoji ortidan yuzaga kelayotgan vahima tahlikali vaziyatni yuzaga keltirishi turgan gap. Bir so`z bilan aytganda, hozirgacha koronavirusning savdo, transport, turizm, mahsulot etkazib berish, xizmat ko`rsatish kabi sohalarga ta`siri haqida ko`p yozilayotgan edi. Neft bozorida kechayotgan voqealar yuqorida sanab o`tilgan sohalarning hammasiga birdek ta`sir etishi hisobga olinadigan bo`lsa, dunyo iqtisodiyoti 2020 yilda jiddiy sinovlar qarshisida turibdi, deya taxmin qilsa bo`ladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1