1

Avtomobil zavodi yopilsa xalq nima yo`qotadi? «O`zavtosanoat» mutasaddilari javob berdi

Iqtisodiyot 11.03.2020, 19:15
Teglar: Avtomobil, zavod
Avtomobil zavodi yopilsa xalq nima yo`qotadi? «O`zavtosanoat» mutasaddilari javob berdi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan "O`zavtosanoat" AJ mas`ullari ishtirokida Parlament eshituvi o`tkazildi. Unda keskin baxs-munozaralar bo`lib o`tdi.

«O`zavtosanoat» mutasaddilari va Oliy majlis qonunchilik palatasi deputatlari o`rtasida avtomobillar narxi oshishi borasida muhokama bo`lib o`tdi. Muloqot davomida Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbaev mutasaddilarga savol berdi.

— Iste`molchilar shu vaqtga qadar bir narsaga ko`p guvoh bo`lishgan — eksportga va mahalliy bozorga chiqarilgan avtomobillar o`rtasida katta farq bor. Xususan, o`zim ham mashina olgan bo`lsam, Sergelidagi bozorga olib borib, defektlarini tuzatishga, qo`shimcha detallar qo`yishga pul sarflaganman. Mashina zavodi bilan bozor o`rtasida «shartnoma» bormi, ustalar qaerda nimani almashtirish kerakligini yaxshi bilishadi va bir zumda almashtirib beradi. Bu haqda nima deya olasiz?

Yana bir savol — «UzAuto» yopilsa, 34 millionli xalq nimani yo`qotadi? — deya savol berdi Rasul Kusherbaev.

Ushbu savolga «O`zavtosanoat» strategik rejalashtirish, tahlil va rivojlantirish boshqarmasi boshlig`i Rustam Qodirov javob berib o`tdi.

— Bu savolga javob berishda sifat va komplektasiya o`rtasidagi farqni tushunish lozim. Eksport va mahalliy ishlab chiqaruvchi uchun talablar o`zgacha. Masalan, Rossiyada iqlim sovuqroq bo`lgani uchun oldingi o`rindiqlarda isitkichlar bo`lishi lozim. Buni ichki bozor uchun chiqarishimiz mumkin, ammo narx oshishiga olib keladi.

Agar ichki bozor uchun ishlab chiqarilayotgan avtomobil to`loviga ham 500 ming so`m qo`shilsa, siz aytgan komplektasiya kelib chiqadi. Ammo bu ham narx yana oshishiga olib keladi. Agar boshqa usta bu opsiyalarni sotib olib qo`ysa, 2-3 million qimmatga tushadi.

O`zbekistonda ham kunduzgi chiroqlar qo`yish bo`yicha talab boshlangandan so`ng biz ham avtomobillarga o`rnatishni boshladik. Bu holat narxga ta`sir ko`rsatmadi.

Sifatga keladigan bo`lsak, eksportga chiqarilayotgan avto ham, mahalliy bozor uchun ham bitta konveyerdan chiqariladi.

Braklarga keladigan bo`lsak, nafaqat bizda, balki boshqa korxonalarda ham uchraydi. Bu inson faktori bilan bog`liq. Agar avtomobillarda defekt bo`lsa, iltimos bizga etkazing. Agar bizga o`sha kamchiliklar aytilsa, xatolarimizni bilsak, to`g`irlashimiz oson bo`ladi, — deb aytdi Rustam Qodirov.

Munozara davomida «UzAuto» yopilsa 34 million xalq nimani yo`qotadi?», degan savolga «O`zavtosanoat» mutasaddilari quyidagicha javob berdi: «18 mingta ish o`rni yo`qotiladi. Har bir ishchimizning oilasida kamida uch nafardan a`zo borligini inobatga olsak, bu raqamni uch-to`rtga ko`paytirish mumkin. Shuningdek yana 4 million QQS solig`i ham yo`qotiladi».

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1