Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida sintetik narkotik vositalarning noqonuniy aylanishiga chek qo‘yildi. Bu haqda “Xavfsiz va sog‘lom yurt” tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida ma’lum qilindi.
DXH, IIV va Bojxona organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 1994 yilda tug‘ilgan, Yaqin Sharq davlatlaridan birining fuqarosi dala maydonidagi yashirin joydan 970 gramm “Mefedron” moddasini olib ketayotgan vaqtda ushlandi.
Tadbir davomida gumonlanuvchining Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi vaqtincha yashash xonadonida ham tintuv o‘tkazilib, 2 dona elektron tarozi, termoizolyatsion materiallar va boshqa ashyoviy dalillar musodara qilindi.
Hozirda holat yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.






