Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘onaga tashrifi davomida IT-parkning shart-sharoitlari bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati ma’lum qildi.

Ushbu obyekt 150 milliard so‘m byudjet mablag‘lari hisobiga qurilgan bo‘lib bir vaqtning o‘zida 200 nafargacha foydalanuvchini qamrab oladi. Parkda yiliga 3 mingdan ortiq yoshlarni o‘qitish, ularni amaliy loyihalarga jalb etish va AT xizmatlari ko‘rsatish imkoniyati yaratilgan.

Markazda frilanserlar va dasturchilar uchun zamonaviy kovorking muhiti, rezident kompaniyalar uchun to‘liq jihozlangan ofislar tashkil etilgan. Bu yerda ta’lim, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish jarayonlari o‘zaro bog‘langan holda yo‘lga qo‘yilgan. Yaratilgan infratuzilma yoshlarning o‘zini o‘zi band qilish imkoniyatlarini kengaytirib, barqaror daromad topishiga xizmat qiladi.

Qayd etish joizki, so‘nggi yillarda Farg‘ona viloyatida AT xizmatlari hajmi 4 barobarga o‘sib, eksport 23 million dollardan oshgan. Hozirgi kunda viloyatda “IT-Park” rezidentlari soni 139 taga yetgan. 2025 yilda 22,7 million dollarlik axborot texnologiyalari xizmatlari eksport qilingan.

Yangi park doirasida rezidentlar sonini 200 nafarga yetkazish, 700 ta yangi ish o‘rni yaratish, xizmatlar hajmini oshirish hamda 30 million dollarlik eksportga erishish maqsad qilingan.

Kelgusida mazkur majmuada sun’iy intellekt texnologiyalari habini tashkil etish, boshqaruv tizimlarini raqamlashtirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, sun’iy intellekt, dasturlash, grafik dizayn, kompyuter savodxonligi va ingliz tili bo‘yicha zamonaviy o‘quv kurslari yo‘lga qo‘yiladi. Startaplar uchun venchur moliyalashtirish, grantlar va akseleratsiya dasturlari joriy etiladi.

Prezident park rezidentlari va axborot texnologiyalari sohasida faoliyat yuritayotgan yoshlar bilan muloqot qildi. Ular tomonidan ilgari surilgan tashabbus va g‘oyalar qo‘llab-quvvatlandi.






