1

O`zbekiston va Tojikiston Zarafshon daryosida GES qurish masalasini muhokama qilmoqda

Iqtisodiyot 13.03.2020, 13:45
O`zbekiston va Tojikiston Zarafshon daryosida GES qurish masalasini muhokama qilmoqda

O`zbekiston va Tojikiston Zarafshon daryosi havzasida GES qurish va uni ekspluatasiya qilish tartibi va ulushbay ishtirok etish shartlari to`g`risidagi Hukumatlararo Bitim loyihasini muhokama qilishda davom etmoqda. Bu haqda Energetika vazirligining Matbuot xizmati ma`lum qilmoqda.

O`zbekiston – Tojikiston ishchi guruhining navbatdagi yig`ilishi mart oyida Dushanbe shahrida o`tkazilishi rejalashtirilgan.

Tojikistonda Zarafshon daryosida umumiy quvvati 320 MVt ga teng ikkita GES qurish masalasini o`rganib chiqish O`zbekiston Respublikasi Prezidenti va Tojikiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 17 avgustda imzolangan Qo`shma bayonotida ko`zda tutilgan.

Keyinchalik ushbu tadbir O`zbekiston Respublikasi Prezidentining  PQ-3922 sonli 28.08.2018 y.da tasdiqlangan  “Yo`l xaritasi”da o`z ifodasini topgan.

Gidroelektrstansiyalarni bosqichma bosqich qurish rejalashtirilgan: avvaliga qiymati 282 mln doll. ga teng, quvvati 140 MVt  tashkil etuvchi hamda 700-800 mln kVt-saot elektroenergiya  ishlab chiqaruvchi Yovon GESi qurilishi ko`zda tutilmoqda.

Navbatdagi bosqichda tomonlar Fandaryoda qiymati 270 mln doll. ga teng, quvvati  135 MVt ni tashkil etuvchi hamda  500-600 mln kVt-soat  elektroenergiya ishlab chiqaruvchi GES qurilishi mo`ljallangan.

Loyihani moliyalash xalqaro moliyaviy tashkilotlarning qarz va grant mablag`lari, shuningdek  tomonlarning o`z mablag`lari hisobidan amalga oshirilishi ko`zda tutilgan.

Qurilgan gidroelektrostansiyalar faqat O`zbekiston ehtiyojlari uchun 1400 mln kVt.s  ekologik sof elektr energiya ishlab chiqaradi.  

Shuningdek loyiha yagona energo tizimni qo`llab-quvvatlashga hamda GES ni birga qurish va ulardan foydalanish jarayonida qo`shimcha ish o`rinlarini yaratishga, shuningdek elektr energiyani teng asosda O`zbekiston va Tojikistonga yo`naltirishga ko`maklashadi.

Ilk bor Tojikiston tomonidan taqdim qilingan Zarafshon daryosida GES qurilishida ulushbay ishtirok etish tartibi va shartlari to`g`risidagi hukumatlararo Bitim loyihasi 2019 yil 24 aprelda O`zbekistonning manfaatdor vazirliklari va idoralari vakillaridan tashkil topgan ishchi guruh tomonidan ko`rib chiqildi.

2020 yil 28-29 yanvar kunlari  Toshkentda O`zbekiston Respublikasi Hukumati va Tojikiston Respublikasi Hukumati o`rtasidagi Zarafshon daryosi havzasida GES qurish va uni ekspluatasiya qilish tartibi va ulushbay ishtirok etish shartlari to`g`risidagi Hukumatlararo Bitim loyihasini muhokama qilish bo`yicha O`zbekiston – Tojikiston ishchi guruhining birinchi yig`ilishi bo`lib o`tdi.

Qo`shma ishchi guruhning navbatdagi majlisida investisiyalarni himoya qilish va xatarlar darajasiga ta`sir etuvchi O`zbekiston tomonidan kiritilgan o`zgarishlar, bahsli masalalarni ko`rib chiqish mexanizmi, ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasini O`zbekiston tomonidan xarid qilish tartibi va boshqalar muhokama qilinadi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1