AsosiySPORT

Rasman: Yulian Nagelsmann Germaniya terma jamoasi bosh murabbiyligini tark etdi

Nagelsmannning aytishicha, u jamoa Jahon chempionatini tark etganidan so‘ng qarorini puxta o‘ylab chiqqan va federatsiya rahbariyati bilan maslahatlashgan.

'Rasman: Yulian Nagelsmann Germaniya terma jamoasi bosh murabbiyligini tark etdi'ning rasmi

Germaniya milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Yulian Nagelsmann o‘z lavozimini tark etdi. Bu haqda Germaniya futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati ma'lum qildi.

Nagelsmannning aytishicha, u jamoaning Jahon chempionatini tark etganidan so‘ng qarorini puxta o‘ylab chiqqan va federatsiya rahbariyati bilan maslahatlashgan.

"Jamoa Jahon chempionatini tark etganidan keyin ko‘p o‘yladim. Shuningdek, shaxsan o‘zim ham, federatsiyadagi ishonchli insonlar bilan ham maslahatlashdim. Bu qarorni qabul qilish oson bo‘lmadi. Men uchun doimo eng muhim narsa jamoaning muvaffaqiyati bo‘lgan. Bunday og‘ir mag‘lubiyatdan keyin jamoa yangi sahifadan boshlash imkoniyatiga loyiq, deb hisoblayman.

Murabbiylar shtabiga, yordamchi xodimlarga, federatsiyadagi barcha hamkasblarimga, ayniqsa, birga ishlash baxtiga muyassar bo‘lgan futbolchilarga minnatdorchilik bildiraman. Muxlislarga ham alohida rahmat. Sizlar bizga doim ishondingiz, eng qiyin pallalarda ham qo‘llab-quvvatladingiz va kuch bag‘ishladingiz. Bu Jahon chempionatida sizlarga yanada unutilmas futbol oqshomlarini taqdim eta olmaganimizdan chin dildan afsusdaman. Sizlar bundan ham yaxshirog‘iga munosib edingiz», degan Nagelsmann.

Avvalroq Germaniya terma jamoasi Jahon chempionatining 1/16 final bosqichida Paragvayga mag‘lub bo‘lib, musobaqa bilan xayrlashgan edi. Asosiy va qo‘shimcha vaqt 1:1 hisobida yakunlangan bahs taqdiri penaltilar seriyasida hal bo‘ldi. Unda Paragvay futbolchilari 4:3 hisobida ustun keldi.

Ma'lumot uchun, 38 yoshli Yulian Nagelsmann Germaniya milliy terma jamoasi bosh murabbiyi etib 2023 yil sentyabr oyida tayinlangan. Uning boshchiligida nemislar 2024 yilgi Yevropa chempionatining chorak finaligacha etib borgan. Bunga qadar mutaxassis Germaniyaning "Bavariya", "RB Leipzig" va "Xoffenxaym" klublarini boshqargan.

    Boshqa yangiliklar