1

“O`zavtosanoat” aholidan e`tiroz tushmasligiga erishmoqchi

Iqtisodiyot 16.03.2020, 18:47
Teglar: O`zavtosanoat, shikoyat
“O`zavtosanoat” aholidan e`tiroz tushmasligiga erishmoqchi

“O`zavtosanoat” dilerlik kompaniyalari vakillari bilan sotuvlar strategiyasiga bag`ishlangan uchrashuv o`tkazdi. Uchrashuvda ayrim dilerlar mahsulotni xaridorga etkazishda sifatsiz xizmat ko`rsatayotganligi qayd etilgan. Shuningdek, kompaniya endilikda qoidabuzarlikka yo`l qo`ygan dilerlar bilan shartnoma bekor qilinishini ogohlantirmoqda.

Sotuv va mijozlarga xizmat ko`rsatishning asosiy shoxobchalari sifatida dilerlik markazlari iste`molchi bilan o`zaro munosabatlarning yagona nuqtasi sanaladi.

Bugungi kunda barcha dilerlar ham o`z vazifalarini vijdonan bajarmoqda, deb bo`lmaydi – sifatsiz xizmat taqdim etish holatlari uchramoqda. Bu esa shubhasiz, kompaniya obro`iga putur etkazadi, deyiladi kompaniya axborotida. 

Kafolatli xizmat ko`rsatishdan bo`yin tovlovchi yoki dilerning xaridor oldidagi majburiyatlari to`g`risida noto`g`ri axborot beruvchi dilerlar uchrab turadi.

Aynan shu sababli rasmiy dilerlar tomonidan mijozlarga samarali va sifatli xizmat ko`rsatilishini ta`minlash – “UzAuto Motors” kompaniyasining ustuvor vazifalaridan biri.

Ma`lumotlarga ko`ra, bugungi kunda kompaniya mijozlarga xizmat ko`rsatish, servis xizmati sifatini oshirish va dilerlik tarmog`i global dasturini amalga oshirmoqda.

Asosiy maqsad – aholini sifatli xizmat bilan ta`minlash, shikoyatlar va salbiy mulohazalarni kamaytirish hamda bora-bora shikoyat tushmasligiga erishish.

Dilerlar uchun mijozlarga xizmat ko`rsatishning xalqaro talablarga muvofiq keluvchi yagona standarti ishlab chiqiladi va tatbiq etiladi. Ushbu standartlar nafaqat majburiy sotuv oldi va undan keyingi taomillarni, balki xodimlar xatti-harakatining umumiy madaniyati, savdo zallari bezatilishi, mijozlar uchun qulayliklar yaratishni o`z ichiga oladi.

Bundan tashqari, "UzAuto Motors" tomonidan xizmat ko`rsatish standartlari va kafolat xizmat ko`rsatilishi bo`yicha majburiyatlarni buzuvchi dilerlar uchun jarima qo`llash tizimi ham ishlab chiqildi.

Ushbu tizim qoidabuzarlik turiga qarab jarima qo`llashni va ko`p bora (to`rttagacha) qoidabuzarlik ro`y bergan holda dilerlik kelishuvi butunlay bekor qilinishini ko`zda tutadi.

Dilerlar faoliyatidagi muhim yo`nalish kompaniyadagi korporativ sotuvlar va servis rivojlanishi sanaladi. Bugungi kunda “UzAuto Motors” davlat tuzilmalari, har qanday mulkchilik shakliga ega, turli tarmoqlarga tegishli, turfa ko`lamdagi kompaniyalar va tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi, avtomobillar sotilishida va korporativ mijozlar avtoparkiga servis xizmatini ko`rsatishda maxsus shartlar taklif etadi. 

Uchrashuvda qayd etilishicha, avtomobil sotib olishning maxsus dasturlari doirasida dilerlar har bir korporativ mijozga individual yondashuvni ta`minlashlari lozim.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1