1

Koronavirus jahon iqtisodiyotiga ta`sir qiladi (mi)?

Iqtisodiyot 18.03.2020, 07:36
Koronavirus jahon iqtisodiyotiga ta`sir qiladi (mi)?

2019 yil yakuni, 2020 yil boshidan buyon global salomatlik favqulodda holatda qolmoqda. Bilamizki, jahon iqtisodiyoti moliyaviy inqirozlarni boshidan kechirgan davrlarda xalqaro moliya tashkilotlari va turli hukumatlar tomonidan makroiqtisodiy muvozanatni ta`minlashga qaratilgan zaruriy chora-tadbirlar amalga oshirilgan.  

2015 yilda Xalqaro valyuta fondi (XVF) tomonidan qayta tashkil etilgan Favqulodda holatlardan himoya qilish va oqibatlarni bartaraf etish fondi (Catastrophe Containment and Relief Trust) aynan rivojlanayotgan mamlakatlarda turli tabiiy ofatlar va ommaviy kasalliklar oqibatlarini bartaraf etishni nazarda tutganligini ta`kidlash lozim. Ushbu fond mablag`lari qayd etilgan yo`nalishlarda Xalqaro rivojlanish Assosiasiyasi mezonlari (YaIM kishi boshiga 1165 AQSh dollari yoki aholisi 1,5 mln. dan kam bo`lgan davlatlarga 2230 AQSh dollari) asosida berilishi mumkin. 2020 yil 11 mart kuni Buyuk Britaniya XVFning mazkur fondiga Koronavirusdan aziyat chekayotgan iqtisodiyotlar uchun 150 mln. funt sterling grant mablag`larini ajratishini ma`lum qildi. Bu esa, donor mamlakatning dastlabki moliyaviy yordamni amalga oshirishini o`zida aks ettiradi. Zotan, 2020 yil 2 mart kuni Kristalina Djiorjieva (XVF direktori) va David Malpas (Jahon banki guruhi Prezidenti) qo`shma bayonot bilan chiqib, virus sababli iqtisodiy qiyinchiliklarga yuz tutayotgan mamlakatlarga moliyaviy ko`mak berishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Jahon banki virusning iqtisodiy oqibatlari va uni barataf etish uchun 12 mlrd. AQSh dollari miqdorida moliyaviy yordam berishga tayyorligini ma`lum qildi.

Bizningcha, mamlakatlar moliya tashkilotlariga e`tiborni qaratishlari kuzatilmasligi mumkin. Birinchidan, ushbu epidemiyadan Xitoyning o`zi qisqa muddatda chiqishga erishmoqda. Ikkinchidan, virusning birlamchi o`chog`iga aylangan Evropa Ittifoqi mamlakatlari EvroKomissiyaning rahnamoligida xalqaro tashkilotlarning moliyaviy ko`magini jalb etmasligi mumkin.

Jahon bankining ma`lumotlariga ko`ra, dunyo iqtisodiyoti 2009 yildan buyon o`zining dastlabki yuqori iqtisodiy o`sishiga erishi boshlanganda virus ta`sirining yuzaga kelishi global iqtisodiyotni yana xavf ostiga qo`ydi.  

Bu holat, birinchidan, xalqaro savdoning yarmini tashkil etuvchi global qo`shimcha qiymat zanjirini kamayishiga ta`sir etishi; ikkinchidan, virus aniqlangan mamlakatlardan moliyaviy kapitalning qochishi; uchinchidan, insonlar uylarida qolishlari sababli ishlab chiqarishga yo`naltirilgan zavod (fabrika)lari “bo`sh yoki ishsiz” qolmoqda. To`rtinchidan, rivojlanayotgan mamlakatlarda transport va turizm sohasining etakchiligi ushbu iqtisodiyotlarga salbiy ta`sirining inobatga olinishi bilan aks etadi. Jahon savdo tashkilotining ma`lumotiga ko`ra, yo`lovchilarning havo transportida tashish, yuklarni tashish, moliyaviy tranzaksiyalar, axborot texnologiyalari xizmatlari kabilar bo`yicha savdolar hajmi keskin pasayib ketgan.  

Qisqa o`rganishlardan so`ng quyidagi xulosalarni aytish mumkin:

1.  Mamlakatlarda iqtisodiy o`sish darajasi o`rta muddatli davrda pasayishi kuzatiladi.

2.  To`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalarni jalb etish qiyinlashishi mumkin. Buning oldini olish uchun, milliy fond bozori barqarorligini saqlab turish uchun ichki iste`molni ta`minlash lozim bo`ladi.  

3.  Mamlakatlarda makroiqtisodiy muvozanat nobarqarorlashuvi ortidan YaIM hajmi qisqaradi. Muvozanat buzilishiga import samarasi ta`sirini kamaytirish uchun foiz stavkalarini tushirish orqali ichki iste`molni ta`minlash muhim hisoblanadi. Natijada, insonlar kreditlar olish imkoniyati oshib, yalpi talab va yalpi taklif muvozanatiga erishish mumkin.

4.  Turizm sohasida turg`unlik yuzaga kelishi kuzatiladi. Natijada, ishsizlikni yuzaga kelishiga sharoit yaratilishi va iqtisodiy o`sishga ham salbiy ta`siri kuzatilishi mumkin.  

 

Nodir Jumaev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

iqtisod fanlari doktori, professor

Dilshodjon Raxmonov, Bank-moliya akademiyasi kafedra mudiri,

iqtisod fanlari doktori, professor

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1