1

O`zbekistonlik aktyorlar: "23 kishi Turkiyada qolib ketdik. Vaziyat shunchalik bo`ladi, deb o`ylamagandik"

Madaniyat 12.04.2020, 14:55
Teglar: Alisher Uzoqov, Adiz Rajabov, Turkiya
O`zbekistonlik aktyorlar: "23 kishi Turkiyada qolib ketdik. Vaziyat shunchalik bo`ladi, deb o`ylamagandik"

Koronavirus pandemiyasi tufayli joriy etilgan karantin ortidan o`zbekistonlik 23 nafar aktyor Istanbul shahridagi mehmonxonada qolib ketdi. Bu haqda Sayyod.com manbasiga tayanib Daryo xabar berdi.

Ular Jaloliddin Manguberdi haqidagi «Mendirman» serialining Turkiyadagi suratga olish ishlariga jalb etilgan edi. Alisher Uzoqov, Akbarxo`ja Rasulov va Adiz Rajabov «Sayyod.com»ning «Darcha» loyihasida o`zga yurtdagi karantinni qanday o`tkazayotgani haqidagi fikrlari bilan bo`lishdi.

«O`zbekistondan 23 kishi mana shu mehmonxonada qolib ketdik. Vaziyat bu darajada bo`ladi, deb o`ylamagandik. Hammasi joyida, faqat Vatan sog`inchi qiynayapti, oila a`zolarimizni sog`inyapmiz. Serialni suratga olayotgan «Bo‘zdag‘» prodyuserlik kompaniyasi vakillari, bundan tashqari o`zimiznikilar holimizdan xabar olib turishibdi. Tushlik va kechki ovqatni ko`chadan etkazib berishmoqchi edi. Biz ko`chadan narsa olib egimiz kelmagani uchun, ovqatni o`zimiz tayyorlayapmiz. Ertalab nonushtani hamma o`zi qiladi. Kunduz ovqatni esa o`zimiz pishiryapmiz.

Turkiyada koronavirus chiqqanidan keyin biz turgan mehmonxona karantinga olinib, tashqaridan odam olinmadi. Biz ham hozir ko`chaga deyarli chiqmayapmiz. Faqat yaqin atrofdagi do`konga ehtiyoj bo`lganida chiqib kelyapmiz», — deydi aktyorlar.

Hozirda mehmonxonada Alisher Uzoqov, Akbarxo`ja Rasulov, Adiz Rajabov, Javohir Zokirov, Farhod Badalov, Ra`no Shodieva, Rayhon Ulasenova, Yulduz Rajabova, Feruza Normatova, Akmal Mirzo, Alixan, Farhod Saidov kabi taniqli aktyorlar karantinni o`tkazmoqda. Ular dekabr oyidan beri Turkiyada qolmoqda.

Aktyorlarning aytishicha, filmni suratga olish ishlariga tayyorgarlik jarayoni uch oy davom etgan. Ular turk tilini, shuningdek, ot minishni, qilichbozlikni o`zlashtirgan.

«Biz sizlarni juda sog`indik. Atrofdagi hamma narsaning qadriga etinglar, ayniqsa oilaning. Eng asosiysi esa uyda o`tiringlar. Bu o`qilmagan kitoblarni o`qish, ko`rilmagan filmlarni ko`rish uchun yaxshi imkoniyat. Bu imkoniyatdan foydalanib qoling», — deydi aktyorlar muxlislariga murojaat qilib.

Eslatib o`tamiz, turkiyalik taniqli prodyuser va rejissyor Mehmet Bo`zdag` 2018 yilda Xorazmshohlar davlatining so`nggi hukmdori, mohir sarkarda Jaloliddin Manguberdi haqida film suratga olish istagini bildirgan hamda bu borada o`zbekistonlik hamkasblari bilan muzokaralar o`tkazgan edi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1