1

Deputat: "EOIIga a`zolik go`sht va qishloq xo`jaligi mahsulotlarining qimmatlashishiga olib keladi"

Siyosat 16.04.2020, 18:42
Deputat: "EOIIga a`zolik go`sht va qishloq xo`jaligi mahsulotlarining qimmatlashishiga olib keladi"

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Agrar va suv xo`jaligi masalalari qo`mitasi a`zosi, “Adolat” SDP fraksiyasi a`zosi Dilrabo XOLBOEVA so`nggi paytlarda keng muhokama etilayotgan O`zbekistonning EOIIga qo`shilish masalasiga munosabat bildirdi: 

"Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Oliy Majlisga Murojaatnomasida EOIIdagi O`zbekistonning ishtirokini xalq fikri, xalq irodasiga asoslangan holda parlament belgilashi kerakligini ta`kidlagan edilar.

Shunga ko`ra parlamentdagi deputatlar, fraksiyalar, jumladan, “Adolat” SDP ham bu masala bo`yicha o`zlarining dastlabki fikrlarini berishdi. Ammo ayrim ommaviy axborot vositalari tomonidan mamlakatimizdagi karantin davrida bu masalani muhokama qilish qanchalik to`g`ri deya e`tirozlar bildirilmoqda. Avvalo, bu yoki boshqa masalani muhokama qilinyapti degani, koronavirus pandemiyasiga parlamentning befarq ekanligini anglatmaydi. Bundan tashqari karantin sharoitida ham parlament masovafiy, videkonferensaloqa shakllaridan foydalangan holda ishlashni davom ettirmoqda. Ma`lum muddat o`tgandan so`ng bu virus mamlakatni albatta tark etadi va aholimiz odatiy turmush tarziga o`tadi. Ammo vaqtida qabul qilinmagan muhim masalalar bo`yicha qarorlar mamlakatimiz iqtisodiyoti va siyosatiga ko`p yillik ta`sir ko`rsatishi mumkin.

Hozirgi karantin sharoiti mamlakat uchun oziq-ovqat xavfsizligi va mustaqilligi masalasini naqadar muhimligini yana bir bor ko`rsatib berdi. Buni ta`minlashda esa qishloq xo`jaligi mahsulotlari etishtirish, uning importi, eksporti muhim o`rin egallaydi.

Shuning uchun EOIIdagi O`zbekistonning ishtirokini bu sohaga ta`sirini ham atroflicha o`rganib chiqish lozim bo`ladi. O`z o`rnida O`zbekiston mazkur Ittifoq bilan hamkorlikning quyidagi ijobiy va salbiy tomonlariga e`tibor qaratish lozim.

Avvalo, EOII o`zining asl mohiyati bo`yicha, ishtirokchilar uchun teng shartlarda faoliyat yuritsa, barchaga foydali tashkilotga aylanadi.

Shu bilan birga EOII doirasida xizmatlar sohasida yagona transport makoni tashkil etiladi. Bu esa xalqaro tashishlar sohasida ruxsat berish tartiblarini soddalashtirish, yo`lovchilarning yuklar va transport vositalarining erkin harakatlanishini ta`minlaydi.

Qishloq xo`jaligida bojxona tartiblarini soddlashtirish hisobidan tadbirkor, fermerlarimiz uchun ulkan bozor eshiklari ochiladi. Ular o`zlari etishtirgan mahsulotlarni to`g`ridan-to`g`ri eksport qila boshlaydilar. Natijada, EOII davlatlariga O`zbekistondan meva-sabzavot mahsulotlarini etkazib berish bo`yicha samaradorligi bir yilda qo`shimcha 350 mln AQSh dollariga oshishi mumkin.

Ammo, bu narsa ichki bozorimizda ushbu mahsulotlar taqchilligini yuzaga keltirib chiqarishi mumkin. Bu esa bozorlarimizda meva-sabzavot narxlarining oshishiga sabab bo`lishi kutiladi.

Xuddi shunday holatni go`sht mahsulotlari misolida ham ko`rishimiz mumkin. Hozirgi kunda mamlakatimizda chorvachilik mahsuloti eksporti Vazirlar Mahkamasi ruxsati bilan amalga oshiriladi. Ya`ni ichki bozorni o`zi to`yinmayotgan ayni bir sharoitda hech kim go`shtni to`g`ridan-to`g`ri eksportga chiqarib yubora olmaydi. EOIIga a`zolik esa mazkur tartibni bekor qiladi. Natijada tadbirkorlarimizni horijga go`sht eksportiga o`tib ketishi o`zi shundoq ham taqchil bo`lib turgan ichki bozorimizda narxning sezilarli oshishiga olib keladi.

Bundan tashqari ichki bozorni to`yintirish uchun uchinchi mamlakatlardan import qilinayotgan go`sht mahsulotlari ham biz uchun qimmatga tusha boshlaydi. Amaldagi tartibga ko`ra mamlakatimizga tirik hayvonlar olib kirishga shuningdek, ularning go`shti uchun import boji 0 foizni tashkil etadi. Ya`ni hozirda boj to`lovlarisiz olib kirayapmiz.

EOIIda esa tirik hayvonlar olib kirishga 5 foiz, go`sht olib kirishga esa 15 % import boji qo`llaniladi. Ko`rib turganingizdek a`zo bo`lib kirganimizdan keyin uchinchi mamlakatlardan import qilayotgan tirik hayvonlarimiz narxi 5 foizga, go`sht mahsulotlarimiz narxi 15 foizga ko`tariladi.

Shu bilan birga EOII da ishtirok etish bir qator sohalarda ko`plab o`zgarishlarni amalga oshirishni talab etadi.

Birinchidan, sanitariya nazorati masalalari bo`yicha O`zbekistonda amal qiladigan sanitariya-gigiena qoidalari va normalarini EOII Yagona sanitariya-epidemologiya va gigiena talablariga hamda labaratoriyalarni oziq-ovqat xavfsizligi bo`yicha jihozlash talablariga mufoviqlashtirish zarur.

Ikkinchidan, fitosanitariya nazorati masalalari bo`yicha karantin ob`ektlar va karantin ostidagi mahsulotlarning yagona ro`yxati, laboratoriya diagnostikasi va chegara fitosanitariya nazorat postlarini jihozlashga qo`yiladigan talablar bo`yicha mavjud tafovutlarni bartaraf etish lozim.

Uchinchidan, veterinariya nazorati masalalari masalalari bo`yicha tekshirishlarni o`tkazish mexanizmlarini va veterinariya nazorati ob`ektlari va tovarlari yagona ro`yxatini, zamonaviy uskunalar bilan jihozlash yuzasidan infratuzilmaga (laboratoriyalar va chegara punktlariga) qo`yiladigan talablarni mufoviqlashtirish bian bog`liq masalalar mavjud.

Mazkur masalalar ya`ni infratuzilmani EOII talablariga mufoviqlashtirish uchun hukumatning hisob-kitoblariga ko`ra 1 mlrd. dollar atrofida mablag` talab etiladi.

Shu o`rinda yana bir mulohaza mavjud. EOIIga a`zolikni yuqoridagi iqtisodiyotimizga foyda deb sanalayotgan yo`nalishlari, keltirilayotgan raqamlar, ko`rsatkichlar, mamlakatimizning boshqa bir tuzilma Jahon savdo tashkilotiga a`zo bo`lsa, bir necha barobar yuqoriroq darajaga chiqishi aniq. Afsuski, dunyoning 164 mamlaktini birlashtirgan mazkur tashkilotga a`zo bo`lib kirmagan sanoqli davlatlar qatoriga kiramiz. Albatta, JST bilan muzokaralar jonlanganini e`tirof etish lozim. Shu boisdan O`zbekiston avvalo, JSTga a`zo bo`lishi, so`ngra, EOIIga a`zo bo`lishi maqsadga mufoviq deb hisoblayman", — o`z mulohazalarini bildirgan deputat.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1