1

Qonunchilikda taqiqlanmagan barcha tadbirkorlik turlariga ruxsat berish kerak — Prezident

Siyosat 23.04.2020, 07:35
Qonunchilikda taqiqlanmagan barcha tadbirkorlik turlariga ruxsat berish kerak — Prezident

Avval xabar qilganimizdek, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida kecha, 22 aprel kuni aholi bandligini ta`minlash va daromadi keskin kamayishining oldini olish masalalari bo`yicha videoselektor yig`ilishi o`tkazildi.

Yig`ilishda servis sohasini rivojlantirish masalalariga alohida e`tibor qaratildi.

Hozirgi kunda umumiy ovqatlanish tarmog`ida 13 ming, savdoda 45 ming, xizmat ko`rsatishda 19 ming, transportda 7 ming korxona faoliyatini to`xtatgan yoki tushumlari keskin kamaygan.

Vaholanki, karantin sharoitida ham oziq-ovqatlar va tovarlarni etkazib berish, ko`chma savdo va xizmatlarni tashkil etish orqali bu korxonalarning kamida 70 foizini ishlatish mumkin.

Shu bilan birga, karantin talablariga qat`iy amal qilgan holda, to`lovlarni qabul qilish, sug`urta, mikrokredit xizmatlarini ham yo`lga qo`ysa bo`ladi.

Shulardan kelib chiqib, Respublika maxsus komissiyasiga etkazib berish xizmatini yo`lga qo`ygan tadbirkorlik sub`ektlari faoliyati uchun sharoit yaratish bo`yicha topshiriq berildi.

O`tgan yil sentyabrdan boshlab o`zini o`zi band qilgan fuqarolarga vaqtinchalik mehnat guvohnomasi berish boshlangan bo`lsa-da, bu hali etarli darajada samara bermayapti.

Shu bois o`zini o`zi band qilgan fuqarolarni qo`llab-quvvatlash, ularning qonuniy faoliyat yuritishi uchun qulay va sodda huquqiy tizim yaratish zarurligi ta`kidlandi.

Hozirda bunday kishilarga 85 ta faoliyat turi bilan shug`ullanishga ruxsat berilgan. Yig`ilishda bu ro`yxatni kengaytirish, qonunchilikda taqiqlanmagan barcha tadbirkorlik turlariga ruxsat berish kerakligi aytildi. O`zini o`zi band qilgan odamlar faqat xabardor qilish orqali ro`yxatdan o`tib ishlaydigan mexanizm joriy etiladi.

Yurtimizda hunarmandchilik yaxshi an`analarga va ulkan salohiyatga ega. Bugungi kunda 25 mingdan ziyod usta, shogirdlari bilan qo`shib aytganda jami 80 mingga yaqin oila shu sohadan daromad topmoqda.

Yig`ilishda masofaviy o`quv kurslar tashkil etib, yoshlar va ayollarga hunar o`rgatish, o`z maktabiga ega hunarmand ustalar tajribasini televidenie orqali ommalashtirish bo`yicha topshiriqlar berildi.

“Hunarmand” uyushmasi, Investisiyalar va tashqi savdo vazirligiga hunarmandchilik mahsulotlarini O`zbekiston milliy brendi ostida xorijda sotishni ta`minlovchi onlayn platforma yaratish vazifasi yuklatildi.

Bugungi kunda ko`plab yoshlar uyida o`tirib, internet orqali dizaynerlik, tarjimonlik, dasturlash, reklama, repetitorlik kabi xizmatlar ko`rsatmoqda. Lekin bunday mutaxassislar, ya`ni frilanserlar uchun masofadan hisob raqami ochish, pochta, to`lovlarni qabul qilishda qator to`siqlar mavjud. Oqibatda ushbu faoliyat bilan shug`ullanuvchilarning xarajatlari 2-3 barobar oshib ketmoqda.

Shu bois mutasaddilarga bunday faoliyat turlari uchun imtiyoz va preferensiyalar berish, yoshlarni internetdan foydalanib, aqliy mehnat orqali daromad topishga o`rgatish, sohani rivojlantirish uchun xorijda ommabop bo`lgan to`lov tizimlarini yo`lga qo`yish bo`yicha topshiriqlar berildi.

Videoselektor yig`ilishida soha mutasaddilari va hokimlar belgilangan ko`rsatkichlarni bajarish rejalari yuzasidan axborot berdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1