Adliya vazirligida 2018 yil 19 mayda 3014-son bilan ro`yxatdan o`tkazilgan “O`zbekiston Respublikasi Markaziy bankining eski namunadagi 50 va 100 so`mlik tangalarini, shuningdek, 50, 100, 200 va 500 so`mlik banknotlarini ayirboshlash hamda muomaladan qaytarib olish tartibi to`g`risida”gi nizomga asosan:
* 1997 yil namunasidagi 200 so`mlik;
* 1999 yil namunasidagi 500 so`mlik banknotlar 2020 yil 1 iyuldan qonuniy to`lov vositasi sifatida o`z kuchini yo`qotadi.
Eski namunadagi ushbu pul belgilari 2020 yil 1 iyulga qadar barcha tijorat banklari bo`linmalari, 2020 yil 1 iyuldan keyin esa Markaziy bankning hududiy Bosh boshqarmalari Hisob-kitob kassa markazlari tomonidan qabul qilinadi va muomaladagi pul belgilariga cheklanmagan miqdorda almashtirib beriladi.
Shu munosabat bilan, eski namunadagi 200 so`mlik va 500 so`mlik banknotlaringiz mavjud bo`lsa, belgilangan tartibda muomaladagi pul belgilariga almashtirib olishingiz mumkinligini eslatib o`tamiz, deyiladi Markaziy bank xabarida.






