1

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga tijorat banklari bilan birga yoshlarni zamonaviy agrotexnologiyalar bo`yicha o`qitishni tashkil etish vazifasi qo`yildi

Siyosat 14.07.2020, 21:16
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga tijorat banklari bilan birga yoshlarni zamonaviy agrotexnologiyalar bo`yicha o`qitishni tashkil etish vazifasi qo`yildi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 14 iyul kuni yoshlar va xotin-qizlar bandligini oshirish, ularni daromad manbai bilan ta`minlash masalalari bo`yicha videoselektor yig`ilishi o`tkazildi.

Avvalo, maktab bitiruvchilarini o`qish va ishga jalb etish masalalari muhokama qilindi. Joriy yilda umumta`lim maktablarini 452 ming o`g`il-qiz tamomladi. Ularning 70 mingi oliy ta`lim, 85 mingi professional ta`limga kiradi. 95 mingdan ziyodi ishga joylashgan taqdirda ham, yana 200 mingga yaqin yoshlarning bandligini ta`minlash zarurligi ta`kidlandi.

Maktabdanoq kasbga o`qitish tizimi joriy etilishi belgilandi. Navbatdagi o`quv yilidan boshlab maktab direktori va o`qituvchilarga o`quvchilarning oliy ta`limga kirishi, kasb egallab, o`z ishini topishi darajasiga qarab oshirilgan ish haqi to`lanadi. Buning uchun 7-sinfdan boshlab o`quvchilarning kasblar kesimida qiziqishi aniqlanadi. 8-9-sinf o`quvchilari dasturchi, dizayner, tarjimon kabi istiqbolli kasblar uchun poydevor bo`ladigan bilim va ko`nikmalarni egallaydi. 10-sinfdan robototexnika, dasturlash kabi talab yuqori kasblarga o`rgatish yo`lga qo`yiladi.

Joriy yil oxirigacha mahallalarda 136 ta kasb-hunar o`qitish maskani, qisqa muddatli kasb-hunarga o`qitish kurslarini tashkil etib, 31 ta kasb-hunarga o`qitish markazlarini jihozlash bo`yicha topshiriq berildi. Bu maqsadlar uchun Inqirozga qarshi kurashish jamg`armasidan Bandlikka ko`maklashish jamg`armasiga 200 milliard so`m ajratish, o`quv kurslarini, avvalo, kambag`allik eng yuqori bo`lgan mahallalarda tashkil etish kerakligi ta`kidlandi.

Yig`ilishda mehnat bozoridagi bugungi talab va yoshlarning ularga tayyorligi masalasi ham tahlil qilindi.

Joriy o`quv yilida 339 ta kasb-hunar maktablari, 212 ta kollej, 175 ta texnikumda 215 ming nafar yoshlarning ta`lim olishi rejalashtirilgan. Lekin bu ta`lim maskanlaridagi yo`nalishlar na son, na sifat bo`yicha talabga javob beradi.

Misol uchun, mamlakatimizda katta ko`lamda qurilishlar bo`layotgan bugungi davrda yiliga kamida 50 ming nafar professional quruvchiga ehtiyoj bor. Biroq, qurilish yo`nalishida 170 ta kollejda 13 ming mutaxassis tayyorlash rejalashtirilgan, xolos.

Yoki IT-texnologiyalar bo`yicha “Bir million dasturchi” loyihasi boshlanganiga qaramay, kasb-hunar maktablari, kollej va texnikumlarga ushbu mutaxassisliklar bo`yicha bor-yo`g`i 12 ming nafar o`quvchi qabul qilinadi.

Davlat rahbari bu kabi kamchiliklarni ko`rsatib, mehnat bozorida ishchi kasblarga real ehtiyojni har bir tarmoq va soha kesimida aniqlash, talab yuqori bo`lgan kasblar bo`yicha xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda o`qitish dasturi ishlab chiqish yuzasidan ko`rsatmalar berdi.

Tog`-kon, metallurgiya, neft-gaz, kimyo, avtomobilsozlik, qurilish, elektrotexnika, farmasevtika, oziq-ovqat, transport-logistika sohasidagi yirik korxonalar va klasterlar davlat bergan imtiyoz va preferensiyalarga javoban o`zlari uchun ishchi-mutaxassislarni tayyorlaydigan infratuzilmani barpo etishlari kerakligi ta`kidlandi. Mutasaddilarga shu bo`yicha topshiriqlar berildi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga tijorat banklari bilan birga yoshlarni zamonaviy agrotexnologiyalar bo`yicha o`qitishni tashkil etish vazifasi qo`yildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1