AsosiyHi-tech

Tomorqa egalarining ma`lumotlari “Agroonline” elektron bazasiga kiritilmoqda

'Tomorqa egalarining ma`lumotlari “Agroonline” elektron bazasiga kiritilmoqda'ning rasmi

Hududlarda tomorqa er maydonlaridan samarali foydalanishni tashkil etish uchun 4,5 million nafar tomorqa egalarining ma`lumotlari “Agroonline” elektron bazasiga kiritildi.

Aholi xonadonlarida tashkil etilgan ixcham issiqxonalarda ikki-uch marta hosil etishtirishga ixtisoslashgan mahallalar soni yildan-yilga ortmoqda.

Andijon viloyatining «Dalvarzin» mahallasida yashovchi Bekzod Mullajonov tomorqasida barpo etilgan 6 sotix issiqxonada pomidor, bodring, bulg`or qalampiri, ko`kat va ziravorlardan yiliga uch marta hosil olmoqda. Daromadi esa yillik 50-55 million so`mdan ortmoqda.

Oqdaryo tumanidagi «Galaravot» mahallasida yashovchi Burxon Vahobov tomorqasida asalarichilik va limonchilikni yo`lga qo`ygan. 2 sotix issiqxonada limon bilan birga ko`kat va ziravorlar ham etishtirib, yiliga 13-16 million so`m daromad olmoqda.

Respublika bo`yicha 2020 yil hosili uchun 4,5 millionta aholi xonadonidagi 435 ming gektar tomorqa erlarida mavsumiy ekinlar etishtirildi. To`qsonbosti ekinlardan 1 256 ming tonna hosil olingan bo`lsa, bahorgi ekinlardan 8 244 ming tonna hosil olindi.

Qayd etish kerakki, joriy yilning iyul holatida yurtimizda 225,9 ming gektar yoki rejaga nisbatan 97,8 foiz takroriy ekinlar ekildi.

17,7 ming gektarga kartoshka, 97,5 ming gektarga sabzavotlar, 12,3 ming gektarga ekilgan poliz ekinlari shular jumlasidandir.

Viloyatlar kesimida ko`radigan bo`lsak, Surxondaryo viloyati, Andijon, Navoiy, Namangan, Jizzax, Farg`ona, Toshkent viloyatlaridagi er egalari bu borada peshqadamlik qilmoqda. Qashqadaryo viloyati, Buxoro, Sirdaryo viloyatlarida bir oz beparvolik kuzatilmoqda.

Bu yilgi ekin ekishni tashkil etishda yordamga muhtoj xonadonlarga alohida e`tibor qaratildi. Erlarni ekishga tayyorlash va ekin ekish ishlarida yordamga muhtoj bo`lgan 693 mingdan ortiq tomorqachilarga 62 mingtadan ziyod fermer xo`jaligi biriktirildi. Jumladan, 50,5 ming gektar tomorqaga ekin ekishda ko`maklashildi, 171,3 ming kilogramm urug`lik va 1,3 million dona mevali daraxt ko`chatlari etkazib berildi. Yordamga muhtoj oilalarga 212 mingta jo`ja, 1,9 mingta quyon, 216 bosh sigir ham berildi.

Mahalliy byudjetlar zaxira jamg`arma mablag`lari hisobidan 98 mingta kam ta`minlangan oilaga 1 million dona sabzavot ko`chati, 35,6 tonna urug`lik va boshqa turdagi mahsulotlar olib berildi. Shuningdek, joriy yilning o`tgan davrida 38,5 ming xonadonda o`z mablag`lari va imtiyozli kreditlar hisobiga ixcham konstruksiyali issiqxonalar qurildi. Natijada yurtimizda 4 ming 420 gektar tomorqa er maydonlarida 257 mingta ixcham issiqxonalar faoliyati yo`lga qo`yildi.

    Boshqa yangiliklar