AsosiyJAMIYAT

Maktablari obod, ehtiyojmandlari daromadga kirayotgan tuman haqida

Mustaqillik bayrami arafasida Samarqand viloyati Narpay tumani hokimi Botir Jabborov “Shuh...

'Maktablari obod, ehtiyojmandlari daromadga kirayotgan tuman haqida'ning rasmi

Mustaqillik bayrami arafasida Samarqand viloyati Narpay tumani hokimi Botir Jabborov “Shuhrat” medali bilan taqdirlanibdi. Bu hokim uchun yaxshi rag`bat. Buning ortida esa ulkan mehnat, mashaqqat va tashabbus yotadi. Xo`sh, bu qanday mehnat ekanki, boshqalarga o`rnak bo`lsa? Hozir hamma hokimlar ham o`zini ko`rsatib, “katta ishlar” qilib, xalq orasida mehr-muxabbatga erishish va respublikada “reyting”ga ega bo`lish ilinjida o`zini o`qqa-cho`qqa urayotgan bir paytda Botir Jabborovning qanday xizmati boshqalarnikidanda e`tirofga sazovor bo`ldi? Davlat siyosati darajasiga ko`tarilgan kambag`allikka qarshi kurashishda Narpay tajribasi qanday? Bu tajriba bilan tuman mas`ullari bizni qanchalik ishontira oldi? Bugun shu haqida so`z yuritamiz.

Uyida to`y bo`lsa-da, ko`chada ishlab yurgan hokim

Narpay tumaniga borganimizdan hokimni qidirishga tushdik. Eshitishimizcha, o`sha kuni hokim uyida to`y. Akasining o`g`lini uylantirayotgan ekan. “to`yda bo`lsalar, bezovta qilmaylik” desak, o`rinbosarlar “u kishi uyida emas, o`quv yili ochilishi bo`yicha maktablarda yuribdi” deyishdi. Xullas, hokim tumandagi 38-maktabda o`qituvchilar va ota-onalar bilan yangi o`quv yilini qanday tashkil etish bo`yicha majlis qilayotgan ekan. Kutib turdik. Chetdan turib hokim akaning xalq bilan suhbatini ham kuzatdik. Dadil gaplar. O`quvchilar uchun etarlicha sharoitlar yaratilayotgani, evaziga bolalardan faqat yaxshi o`qib, Vatanga munosib javob qaytaradigan yoshlar bo`lib etishishlari, bu borada o`zi doim xizmatda ekanligini ta`kidlab, qarsaklar ostida majlisni ham tugatib oldi. Sekin qulog`iga borib kelganimizni aytishgach, hokim yonimizga kelib, bir og`iz uzrini so`rab, o`zi va tumandagi o`zgarishlar haqida gapira ketdi: 

— Men avvalo, ta`lim tizimi va ijtimoiy infratuzilmaga e`tiborimni qaratdim. Tumandagi qaysiki chekka qishloqlardagi maktablarga borsangiz, maktabga kirib kelishingizdan binoga kirguningizcha maktablar hovlisi sement qilingan. Bolalarimiz maktabga kirgandan sharoitlarga ega bo`lishsin, tanaffuslarda esa maza qilib o`ynashsin, deya shunday qildik. O`quvchilarimiz yaxshi o`qib, sharoitlarga ega bo`lishsa, bas. Bunday sharoitlar faqatgina maktablar uchun emas, tuman tarixida bo`lmagan ishlardan biri sifatida o`rnatilayotgan suv-oqava tizimini misol keltirishimiz mumkin. Bundan tashqari, mahalliy va chet el investorlari homiyligida bir nechta qo`shma korxonalarning qurilishi ham tuman byujdeti uchun katta foyda keltiradi. Hali qiladigan ishlarimiz ko`p. 

“Uyingizda to`y ekan, siz esa majlis o`tkazib yuribsiz”, degan savolimizga Botir Jabborov: 

“To`y yoshlarniki, ish esa kutib turmaydi. Maktabga tayyorgarlik bo`yicha ota-onalar va o`qituvchilar fikrini bilishimiz kerak. Yangi o`quv yiliga tayyormiz. Ota-onalar ham o`qishning maktabda boshlanishi tarafdori”, deya javob berdi.

Kambag`allikka qarshi kurashish bo`yicha Narpay tajribasi

Kambag`allikka qarshi kurashish, “temir daftar” yuritish bo`yicha tumanda qanday o`ziga xoslik borligiga qiziqdik. Asosiy qismi suvsiz cho`l bo`lgan Narpay tumanida bu muammo qanday echimga ega? E`tiborimizni tortgani tumanda kambag`al oilalarga ko`mak ko`rsatish asnosida bir tomonlama yondashilmagan. Oilalarga ham moddiy yordamlar, ham issiqxona qurib, ham takroriy ekin uchun er, parranda berib, kerak bo`lsa uy ham qurib berib “temir daftar”dagi aholi bilan tizimli ishlashayotganligi bizni xursand qildi. Har taraflama qo`llab-quvvatlash bilan ehtiyojmand oilalar o`zlarini tiklab olayotganligini o`z ko`zimiz ko`rib, guvohi bo`ldik. Birgina misol sifatida Umid MFYda istiqomat qiluvchi 11 nafar oila a`zolariga ega Nizom Baratov xonadoniga yuqoridagi barcha yordamlar ko`rsatilgan.

“Bir yordam bo`lsa, shuncha bo`libdi-da”

“Mana, davlat tomonidan barcha yordamlarni olyapmiz. Endi bizdan talab qilinadigani ishlab, o`zimizni tiklab olish. Tuman hokimligi yordami bilan men va ikki o`g`lim fermer xo`jaligiga ishga joylashtirildik. Har birimizga 800 ming so`mdan oylik belgilandi. Tekinga 1 sotokli issiqxona qurib berildi. Uning yarmiga hozir loviya ekkanman. Qolganiga endi ko`kat ekmoqchiman. Yana 100 ta tovuq ham keltirib berishdi. Kuniga 25-30 ta tuxum bor. Uniyam sotamiz, sotilmaganini eymiz. Takroriy ekin uchun ham 20 sotok er berishgan. Uyoqqa sabzi ekkanmiz. Nasib bo`lsa, 10 mln. so`mgacha daromad olish niyatimiz bor. Yaqinda har birimiz uchun 220 ming so`mdan jami 2 mln. 420 so`m yordam puli ham berib ketishdi. Uyimizning shefiri yo`q edi. 50 ta shefir va taxtalar ham yordam qilishdi. Bir yordam bo`lsa, shuncha bo`libdi-da. Shundan kelib chiqib, endi oylik daromadimizni o`zingiz hisoblayvering”, - deydi hursandchilik kayfiyati bilan Nizom aka Baratov.

Xulosa o`rnida

Birgina oila misolida ehtiyojmand oilaga ko`rsatilgan yordamni ijobiy baholash mumkin. Lekin birgina oila misolida tumandagi kambag`allikka qarshi kurashish darajasiga baho berish noto`g`ri. Shunday ekan, Narpay tumanida bu borada qilinayotgan ishlarni o`rganishda davom etar ekanmiz, katta tadbirkorga aylanib, endi Rossiyaga ketmaslikka qaror qilgan yigit, cho`lda 170 metrdan suv chiqarib, 75 ta “temir daftar”dagi oilalar bilan birgalikda kooperativ bo`lib ishlayotgan tadbirkor bilan ko`rishib (bular haqida keyingi maqolalarimizda) va bunday kooperasiyalar soni bir nechtaligini guvohi bo`lib, tuman sektorlari rahbarlarining boshqa tumanlarga namuna qilgulik mehnatlarini ijobiy baholash mumkin bo`ladi. Shu o`rinda aytish kerakki, tuman rahbarlari bir paytlar bo`lganidek, faqat “paxta plani” bilan mashg`ul emas. Kambag`allikka qarshi kurashish bo`yicha esa endi ular o`z tajribasi va strategiyasiga ega. 

Sardorbek Rahmonqulov    

    Boshqa yangiliklar