AsosiyJamiyat
1726

Toshkentda ona 14 yoshli farzandini o`g`rilikka majbur qilgani aniqlandi

'Toshkentda ona 14 yoshli farzandini o`g`rilikka majbur qilgani aniqlandi'ning rasmi

Toshkentda farzandini maktabga yubormagan va uni mayda o`g`rilikka majburlagan onaning bolasi voyaga etmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko`rsatish markaziga joylashtirildi. Bu Ijtimoiy himoya milliy agentligi axborot xizmati xabar berdi.

Aniqlanishicha, Toshkent shahrining Yunusobod tumanida yashovchi 14 yoshli fuqaro A.Q. 2023 yil 17 oktyabr sanasidan boshlab maktabdagi darslarga onasi S.G.ning asossiz qarshiligi sabab bormay qo`ygan. U uyda jamiyatdan to`laqonli uzib qo`yilgan. Shuningdek, bola onasi tomonidan turli xil do`konlarda mayda o`g`irliklar qilishga majburlab kelingan.

Qayd etilishicha, "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazi mas`ul xodimlari hamda mahalla profilaktika inspektori hamkorligida ushbu holatga chek qo`yilgan. Bolaning qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida 16 may kuni u Toshkent shahridagi voyaga etmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko`rsatish markaziga joylashtirilgan.

“Ayni vaqtda Agentlik tomonidan fuqaro A.Q.ga huquqiy maslahatlar va zarur yordamlar ko`rsatish bo`yicha ishlar davom etmoqda”, deyiladi xabarda.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar