Ayrim kinochilar tomonidan yuqori tashkilotlarga yo`llanayotgan murojaatlar yuzasidan "O`zbekkino" MA rasmiy bayonot berdi.
So`nggi paytlar kino sohasining ayrim vakillari tomonidan rasmiylar, davlat va nodavlat tashkilotlariga murojaatlar yo`llanmoqda. Ushbu vaziyat yuzasidan “O`zbekkino” Milliy agentligi quyidagilarni ma`lum qiladi:
Agentlik ushbu sohada ijodkorlar mehnat qilishini, ularning har birining o`ziga xos fe`l-atvori mavjudligini tushunadi. Yuqoridagilardan kelib chiqib, muammo va kamchiliklarni belgilangan tartibda yoki ma`muriyat bilan muloqot orqali hal qilish tarafdori. Biroq, mualliflardan “O`zbekkino” Milliy agentligiga rasman murojaat kelib tushmagan. Agentlik shu nuqtai nazardan ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalari orqali bir guruh shaxslar tomonidan davomli ravishda rasmiylarga shikoyat yo`llashni tashkilot rahbariyati va xodimlariga bosim o`tkazishga urinish, deya baholaydi.
Murojaatlarning aksari ehtiroslarga boy bo`lib, aniq dalil va asoslarga ega emas. Shu sababdan Agentlik mualliflarning shaxsiy farazlardan iborat ayblovlarini asossiz va ba`zi o`rinlarda haqoratli deb bilib, ularni rad etadi. Bundan tashqari, murojaatlarda o`z ishtirokini inkor etgan va imzosi soxtalashtirilganini bildirgan ijodkorlar borligi ma`lum bo`lmoqda. Ushbu holat shikoyatchi faollarning xolisligiga nisbatan shubha uyg`otadi.
Shu bilan birga, Agentlik tanqid, taklif va muloqotga ochiqligini yana bir bor ma`lum qiladi. Biroq ushbu muloqot konstruktiv kechishi tarafdori.
So`nggi yillar “O`zbekkino” Milliy agentligi byudjetining katta qismi bir xil studiya va shaxslarga ajratilgan. 2018-2019 yillarda ayrim studiyalarga 25 milliard so`mga yaqin mablag`lar ajratilgan. Bu esa Agentlik byudjetining 44 foizini tashkil etadi. Oqibatda sohada raqobat muhitiga putur etgan. Agentlik ushbu amaliyotni cheklab, raqobat muhitini shakllantirish tarafdori. Norozilikning sabablaridan biri sifatida boshqa rejissyorlar, yosh ijodkorlarga ham imkoniyat berilib, raqobat muhiti tiklanayotganini aytish mumkin.
“O`zbekkino” Milliy agentligi kinematografiyaning aholi madaniyati va ma`naviyatini shakllantirishdagi tutgan o`rnini chuqur anglaydi. Yaratilayotgan filmlar yuqori saviyali san`at asarlari bo`lishi, jamoatchilikning va ayniqsa, yoshlarning ma`naviyati va ma`rifatini yuksaltirishga xizmat qilishi zarur.
O`z o`rnida bir haqiqatni barcha anglashini istagan bo`lardik: Filmlar tomoshabin uchun, uni ko`rish uchun yaratiladi. Biroq so`nggi yillar kinomahsulotlarning kinoprokatdagi natijalari ayanchli ahvolda. 2018-2019 yilda suratga olingan filmlarning kinoprokatdan topgan daromadi sarflangan mablag`ning o`rtacha 1,5 foizini tashkil etgan.
Bu esa na davlatning va na tomoshabinlarning kutilmalariga mos emas. Agentlik bu holatni yaxshilash, soliq to`lovchilar pullari evaziga suratga olingan filmlarning daromad ko`rishi zarurligini ma`lum qilgan. Muxolif pozisiyadagi shaxslar tushunchalarni qorishtirib, ushbu holatni “Kinoni biznesga aylantirish” deya atashga urinmoqda. Agentlik kinoni biznesga aylantirmoqchi emas. Aksincha, kuchli kinosanoatini yaratgan holda kino san`atini yuksaltirishni maqsad qilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda o`tkazilgan so`rovnomada 78 foiz respondentlar ham agentlikning ushbu pozisiyasini qo`llab-quvvatlagan.
O`zbek kinolari o`zining oltin davrlarida mamlakat iqtisodiyotining ilg`or tarmog`i bo`lgan. O`zbek kinosining potensiali yo`q, deb aytish qiyin.
"O`zbekkino" Milliy agentligi buyurtmasiga ko`ra, 2020 yilda 16 ta badiiy, 25 ta hujjatli, 6 ta multfilm va ilk bora 10 ta badiiy serial ishlab chiqilmoqda. Shu yilning o`zida 2021 yilda ishlab chiqarilishi lozim bo`lgan 25 ta badiiy, 23 ta hujjatli, 4 ta multiplikasion filmlar hamda 25 ta seriallar bo`yicha ishlarni boshlash rejalashtirilgan.
Kino va u bilan bog`liq faoliyat turi bilan 5 mingga yaqin ijodkorlar va mutaxassislar mehnat qilishi ko`zda tutilgan. “O`zbekkino”da ishlab chiqarish keng qamrovda davom etmoqda. Ushbu raqamlar kinoning tanazzuli va jarlikka kelib qolgani haqidagi ehtirosli iddaolarning asosga ega emasligi isboti bo`la oladi. Shuningdek, mazkur murojaatlar barcha kinoijodkorlarning fikr va qarashlarini ifoda etmaydi.
“O`zbekkino” Milliy agentligi barcha uchun ochiq. Norozi kayfiyatdagi ijodkorlarni tushunmovchiliklarni o`zaro muloqot va muzokaralar orqali hal qilishga chorlaydi, deyiladi ushbu bayonotda.