Rossiya uchun jasadlar ham qimmatga tushmoqda deya yozmoqda platforma.uz COVID-19 va uning asoratlari barcha issiq jon hayotiga tahdid solayotgani kamdek, endi bu o`lat bir qator davlatlarda o`liklar masalasida ham muammolarni yuzaga keltiryapti. Qarang, hozir Rossiyadagi kasalxonalar o`likxonalarida jasadlar to`planib qolyapti. Ijtimoiy tarmoqlarda bir-birining ustiga taxlangan qora qoplar tushirilgan video va fotosuratlar muntazam paydo bo`lyapti. Bi-bi-sining yozishicha, bu noxush holatga koronavirus tufayli o`likxonalarda autopsiya - o`likni yorib ko`rish uchun jasadlar to`planayotgani, o`likxonalar esa bu yumushga ulgurmayotgani sabab bo`lmoqda. Kasalxonalar har bir koronavirus kasaliga autopsiya qilishi shart, bu patolog anatomlar ishini ko`paytiradi va jasadlar yig`ilib qolishiga sabab bo`ladi. Masalan, Kuzbass sog`liqni saqlash vazirligi videoning haqiqiyligini va COVID-19 tufayli haqiqatan ham o`limlar ko`payganini tasdiqladi va "bu holatlar rasmiy statistikaga kiritilgan", deb ta`kidladi. Xuddi shunday holat Barnaulda ham sodir bo`lgan: koronavirus bilan kasallanganlarni davolash uchun qayta moslashtirilgan 12-sonli kasalxonada o`lgan bemorlarning jasadlari autopsiyani kutib, to`planib qolgan. Oltoy o`lkasi Sog`liqni saqlash vazirligi vaziyatni kuniga "sezilarli darajada ko`paygan" o`lim soni, shuningdek, qarindoshlar ularni olib ketishga shoshmayotgani bilan izohladi. Rasmiy ma`lumotlarga ko`ra, mintaqada butun epidemiya davomida 309 kishi koronavirusdan vafot etgan. Muassasada jasadlarning to`planishi koronavirusdan 100% o`lim holatlarida anatomik tekshiruv o`tkazish zarurligi bilan izohlandi. Sog`liqni saqlash vazirligi tan olishicha, kasalxonada patolog anatomlarning etishmasligi sababli, har bir shifokorning ish hajmi sezilarli darajada oshgan. Mutaxassislarning ta`kidlashicha, jasadlarning kasalxonalarda to`planishi bilan bog`liq vaziyatni faqat sovutish kameralarining maydonini ko`paytirish yo`li bilan hal qilish mumkin.
|
28.10.2020 20:57