Misrda sayyohlik avtobusi yuk mashinasi bilan to‘qnashishi oqibatida 13 kishi halok bo‘ldi, yana 34 kishi jarohatlandi. Bu haqda Khaleej Times nashri davlat ommaviy axborot vositalariga tayanib xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, YTH 20 oktyabr kuni Qohira — Asyut G‘arbiy cho‘l avtomobil yo‘lida, Giza hududida sodir bo‘lgan.
Misr sog‘liqni saqlash va aholi vaziri Xolid Abdul G‘afforning ma’lum qilishicha, hodisa joyiga 28 ta tez yordam mashinasi yuborilgan. Jarohatlanganlar 6 oktyabr markaziy shifoxonasiga olib borilgan.
Vazir jabrlanganlarga zarur tibbiy yordam ko‘rsatish, shuningdek, yaqin atrofdagi shifoxonalarning favqulodda holatlarga tayyorgarligini kuchaytirish bo‘yicha topshiriq bergan.
Frans Press agentligi muxbiriga ko‘ra, to‘qnashuv oqibatida avtobusning old qismi butunlay vayron bo‘lgan. Hodisa joyida yo‘lni tozalash ishlari olib borilgan, avtobusni ko‘tarish uchun maxsus krandan foydalanilgan.
Ayni vaqtda huquq-tartibot idoralari YTH sabablarini aniqlash bo‘yicha tergov olib bormoqda.






