1

O`zbekistonda jamoat joylarida sovuq qurol olib yurganlar jarimaga tortiladi

Jamiyat 07.11.2020, 15:02
O`zbekistonda jamoat joylarida sovuq qurol olib yurganlar jarimaga tortiladi

Prezident Shavkat Mirziyoev 5 noyabr kuni «Qurol to`g`risida»gi qonunga o`zgartirish kiritish to`g`risidagi qonunni imzoladi.  Qonun «Xalq so`zi» gazetasida e`lon qilingan va 6 noyabrdan kuchga kirgan.

«Qurol to`g`risida»gi qonun sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo`lgan ashyolar tushunchasi bilan to`ldirilgan — kasbiy, ishlab chiqarish yoki sport faoliyatida yohud xo`jalik-maishiy maqsadlarda foydalanish uchun mo`ljallangan, sanoat usulida yoki qo`lbola tarzda yasalgan tig`li, kesuvchi ashyolar (pichoqlar, bigizlar va boshqa uchi o`tkirlangan, sanchiladigan, kesuvchi ashyolar).

Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeks 185-2 va 185-3 moddalari bilan to`ldirilgan. Birinchi moddaga ko`ra, sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo`lgan ashyolarni ulardan kasbiy faoliyatda, sport faoliyatida yoki xo`jalik-maishiy maqsadlarda foydalanish bilan bog`liq holatlarda, jamoat joylarida ochiq (g`ilofsiz) holda olib yurish bazaviy hisoblash miqdorining 0,5 baravaridan 1 baravarigacha (111,5 mingdan 223 ming so`mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo`ladi.

Sovuq qurolni va sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo`lgan ashyolarni ulardan ov qilishda, kasbiy faoliyatda, sport faoliyatida yoki xo`jalik-maishiy maqsadlarda foydalanish bilan bog`liq bo`lmagan hollarda, jamoat joylarida olib yurish, xuddi shuningdek, o`zini o`zi himoya qilish maqsadida olib yurish BHMning 1 baravaridan 5 baravarigacha (223 mingdan 1,15 million so`mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo`ladi.

185-3-modda bilan qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, ta`mirlash, realizasiya qilish, olish, saqlash, olib yurish, tashish, kolleksiyalash, ko`rgazmaga qo`yish, ulardan foydalanish, O`zbekiston hududiga olib kirish va olib chiqish, shuningdek, tranzit qilish ham taqiqlangan:

  • Tig`ining yoki kiskichining (damining) uzunligi 90 millimetrdan ortiq bo`lgan, tugmasi yoki pishangi bosilganda sopidan avtomatik ravishda chiqadigan va mahkamlanadigan yohud og`irlik kuchi yoki tezkor harakat hisobiga surilib chiqadigan hamda avtomatik ravishda o`rnashadigan tig`li sovuq qurol va pichoqlar;
  • Qurol sifatida qo`llash uchun maxsus moslashtirilgan zarb berib parchalovchi va uloqtiruvchi ta`sirga ega ashyolar (gurzilar, kastetlar, surikenlar, bumeranglarni va boshqa ashyolarni).

Mazkur qonunbuzarlik BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda (1,15 million so`mdan 2,23 million so`mgacha) jarima solishga yoki 15 sutkagacha ma`muriy qamoqqa olishga sabab bo`ladi.

Shuningdek, qonun bilan Jinoyat kodeksining qurol yoki sovuq qurol sifatida ishlatilishi mumkin bo`lgan ashyolardan foydalangan holda qasddan badanga shikast etkazganlik uchun jazo choralarini belgilash to`g`risidagi 104 va 105-moddalariga o`zgartirish kiritilgan: qasddan badanga shikast etkazish — 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, qasddan badanga o`rtacha og`irlikda shikast etkazish — 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum etish.

Eslatib o`tamiz, O`zbekistonda 2020 yilning dastlabki sakkiz oyida o`tkir tig`li predmetlardan foydalangan holda 542 ta jinoyat sodir etilgan, shundan 168 tasi qotillik.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1