AsosiyJamiyat

Zo`ravonlikka uchragan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar standarti ishlab chiqiladi

'Zo`ravonlikka uchragan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar standarti ishlab chiqiladi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev 3 may kuni ijtimoiy xizmatlar tizimini yanada takomillashtirishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Yangilangan Konstitusiyamizda O`zbekiston ijtimoiy davlat deb belgilanib, aholini ijtimoiy qo`llab-quvvatlash, har bir inson uchun teng sharoitlar yaratish kafolatlangan. Shu maqsadda nogironligi bo`lgan shaxslar mehnatini rag`batlantirish, tazyiq va zo`ravonlikka uchraganlarga ijtimoiy xizmatlar ko`rsatish masalalariga ham alohida e`tibor qaratilmoqda.

Bugungi kunda faqat yagona ta`sischisi nogironlik birlashmasi bo`lgan korxonalar mahsulotlari davlat buyurtmasi bo`yicha to`g`ridan-to`g`ri shartnomalar asosida xarid qilinadi.

Shu bilan birga, yurtimizda ishchilarining 50 foizi nogironligi bo`lgan shaxslardan iborat 669 ta korxona hamda 8 ming 300 nafar yakka tartibdagi tadbirkor bor. 1-2 may kunlari poytaxtimizda o`tkazilgan “Inson uchun” nomli ko`rgazmada ularning mahsulotlari namoyish etilib, 360 milliard so`mlik shartnomalar imzolandi.

Bu borada aholiga keng imkoniyat yaratish maqsadida xodimlari sonining kamida 50 foizi nogironligi bor shaxslardan iborat bo`lgan barcha tashkilotlar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlarning mahsulotlarini davlat buyurtmasi bo`yicha to`g`ridan-to`g`ri shartnoma asosida xarid qilishga ruxsat berish taklif etilmoqda. Buning natijasida 3 mingga yaqin tadbirkorlar tomonidan qo`shimcha 20 mingga yaqin nogironligi bo`lgan shaxslarni ish bilan ta`minlash imkoni yaratiladi.

Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining ma`lum qilishicha, jamiyatda har uch ayoldan biri zo`ravonlikning muayyan shakliga uchramoqda. Shuning uchun rivojlangan davlatlarda bunday shaxslarga tezkor psixologik, tibbiy va huquqiy yordam ko`rsatish yo`lga qo`yilgan.

Yurtimizda tazyiq va zo`ravonlikka uchragan ayollarga mahalla darajasida ko`rsatiladigan xizmatlar yo`q. Tuman darajasidagi amaliy yordam sifati ham yuqori emas.

Shu bois zo`ravonlik holatlarida ijtimoiy xizmatlar ko`rsatishning 3 bosqichli yangi tizimini joriy etish taklif qilinmoqda. Unga ko`ra, mahalla darajasida   ijtimoiy xodim, profilaktika inspektori va xotin-qizlar faoli tomonidan tazyiq holati o`rganilib, doimiy kuzatib boriladi. Tuman miqyosida  “Inson” markazlarida himoya orderi talab qilmasdan psixologik, huquqiy va boshqa turdagi ijtimoiy xizmatlar ko`rsatiladi. Shifoxonalarning shoshilinch bo`limlarida birlamchi ko`mak xonalari tashkil etiladi.

Viloyat darajasida reabilitasiya markazlarida ariza talab etmagan holda ijtimoiy xizmatlar ko`rsatish shartnomasiga muvofiq 6 oygacha boshpana va chuqur reabilitasiya qilish uchun psixologik va huquqiy xizmatlar ko`rsatiladi.

Bundan tashqari, ta`lim va mehnat munosabatlarida zo`ravonlikning oldini olish choralari ham ko`riladi. Bunda himoya orderini berish bilan bir vaqtda zo`ravonni tuzatish dasturi ishlab chiqiladi va “Inson” markazi bilan kelishgan holda amalga oshiriladi. Ichki ishlar organlari tomonidan zo`ravonlarning reestrini yuritish tartibi joriy etiladi.

Zo`ravonlikka uchragan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar standarti ishlab chiqiladi. Bu sohada nodavlat notijorat tashkilotlari rivojlantiriladi.

Davlatimiz rahbari bu takliflarni ma`qullab, ularni manzilli yo`lga qo`yish, har bir ayol uchun munosib turmush va mehnat sharoitlari yaratish bo`yicha qo`shimcha ko`rsatmalar berdi.

    Boshqa yangiliklar