Ijtimoiy tarmoqlarda koronavirusning yangi shtammi O`zbekistonda ham aniqlangani, bu kasallik oldingisidanda og`ir kechishi to`g`risidagi audio tarqaldi.
Tarqalgan bu mish-mishlarga Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a`zosi Nurmat Otabekov kun.uzga bergan intervyusida izoh berdi.
“O`zbekistonda koronavirusning yangi shtammi qayd qilinmagan. Yuqoridagi audioda aytilgan belgilar oldingi shtammga ham xos bo`lishi mumkin. Yangi shtamm qayd qilinmagani tufayli ehtiyot choralarini susaytirish yaramaydi. Biz hamon pandemiya davrida yashayapmiz.
Karantin choralarining fevral oyida kuchaytirilishi haqidagi gaplar o`rinsiz. Bu borada faqat respublika maxsus komissiyasi qaror chiqarishi mumkin. Bunday qaror chiqarilganda esa rasman e`lon qilinadi.
O`zbekistonda har kuni turli hududlarda koronavirus aniqlanmoqda. Shu jumladan, Toshkent davlat pedagogika universitetining talabasida ham koronavirus infeksiyasi qayd etilgani rost. Ammo bu yangi shtamm emas, umuman epidemiologik vaziyat ham barqaror. O`sha fakultet talabalariga ma`lum muddat javob berilgani esa standart amaliyot.
Takror aytaman, kasallik bizga kirib kelmabdi, deya xotirjamlikka berilish, himoya va gigiena qoidalarini unutish to`g`ri emas. Ehtiyot choralari hamon amalda”, – dedi Nurmat Otabekov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.