1

“Munosib mehnat orqali barqaror rivojlanish sari” mavzusida davra suhbati o`tkazildi

Siyosat 27.01.2021, 19:08
“Munosib mehnat orqali barqaror rivojlanish sari” mavzusida davra suhbati o`tkazildi

Bugun, 27 yanvar kuni Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi tomonidan Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda “Munosib mehnat orqali barqaror rivojlanish sari” mavzusida videokonferensaloqa shaklida davra suhbati o`tkazildi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati ma`lum qildi.

Unda Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi a`zolari, Xalqaro mehnat tashkiloti Bosh direktorining yordamchisi – XMTning Evropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo`yicha mintaqaviy byurosi direktori rahbarligidagi delegasiya, BMTning O`zbekistondagi loyihalari rahbarlari, Evropa ittifoqi, Jahon banki, Xalqaro moliya korporasiyasi, Evropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot bankining O`zbekistondagi vakillari, AQSh, Germaniya, Shveysariya va Rossiyaning O`zbekistondagi elchilari ishtirok etdi.

Tadbirda Oliy Majlis Senati Raisi T. Narbaeva, Xalqaro mehnat tashkiloti Bosh direktorining yordamchisi X. Koller hamda tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari kirish so`zi bilan chiqish qildi.

Davra suhbatida O`zbekistonda aholi bandligini ta`minlash, barqaror va munosib ish o`rinlarini yaratishga qaratilgan milliy bandlik dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar, xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilish, munosib va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish hamda Davlat mehnat inspeksiyasini institusional rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Bundan tashqari, pandemiya sharoitida aholi bandligini ta`minlash orqali ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va bu borada mavsumiy ishchilarning huquq va manfaatlarini har tomonlama himoya qilish borasida amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi vazifalarga urg`u berildi.

Tadbir davomida ishtirokchilar mamlakatimizda pandemiya sharoitida aholini ijtimoiy himoya qilish, ularning muammolarini o`rganish va bartaraf etish bo`yicha amalga oshirilayotgan tizimli ishlar, iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish borasida ko`rilayotgan choralar haqida xabardor qilindi.
Qolaversa, aholi bandligini ta`minlash, barqaror ish o`rinlarini tashkil etish, munosib va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish, qishloq xo`jaligi sohasini diversifikasiya qilish, xususiy sektorni rivojlantirish, iqtisodiyotning barcha sohalariga bozor iqtisodiyoti tamoyillarini keng tatbiq qilish bo`yicha ko`rilayotgan choralarga alohida to`xtalib o`tildi.

Shu bilan birga, O`zbekistonda bolalar mehnati va majburiy mehnatning oldini olish yuzasidan ko`rilayotgan choralarning samaradorligi, shuningdek, XMT tomonidan 2020 yilda paxta-yig`im terimi mavsumi davomida o`tkazilgan “Uchinchi tomon monitoringi” natijalari ham muhokama qilindi.

Xalqaro mehnat tashkiloti ekspertlari tomonidan O`zbekiston 2020 yilda ham paxta yig`im-terimi mavsumi davomida tizimli bolalar mehnatidan umuman foydalanmayotganligi to`g`risidagi xulosalarida qat`iy qolishini, majburiy mehnatning butunlay bartaraf etilishida sezilarli natijalarga erishilganligi hamda fuqarolarni majburiy mehnatga tizimli jalb etish holatlari qayd etilmaganligi ta`kidlab o`tildi.

Ushbu natijalarga erishishda davlat rahbarining kuchli siyosiy irodasi, bolalar mehnati va majburiy mehnatni bartaraf etish bo`yicha keskin choralarning ko`rilganligi, qishloq xo`jaligi sohasini modernizasiya qilish, paxta xom ashyosi uchun davlat buyurtmasining bekor qilinishi muhim o`rin tutganligi ta`kidlandi.

Shu bilan birga, asosiy omillardan biri sifatida terilgan paxta xom ashyosi uchun to`lov miqdorlarining oshirilishi, mehnat va dam olish sharoitlarining sezilarli darajada yaxshilanganligiga e`tibor qaratildi.

Shu bilan birga, 2020 yilda mamlakatimizda majburiy mehnatning oldini olish, uning har qanday ko`rinishlariga barham berish, xodimlar uchun munosib va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xalqaro hamjamiyat, xususan, Jaxon banki, Evropa ittifoqi, “Kotton kampeyn” xalqaro koalisiyasi, «Xyuman Rayts Votch» xalqaro nodavlat tashkiloti vakillari, AQSh, Germaniya va Shveysariyaning O`zbekistondagi elchilari tomonidan yuqori baholandi.

Davra suhbati davomida ekspertlar tomonidan mamlakatimizda ushbu yo`nalishda amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar bilan birga faoliyatni yanada takomillashtirish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.

Shuningdek, bolalar mehnati va majburiy mehnatni butunlay bartaraf etish maqsadida Xalqaro mehnat tashkiloti va tegishli xalqaro tashkilotlar, xorijiy davlatlarning O`zbekistondagi elchixonalari bilan yaqin hamkorlikni davom ettirish, davra suhbati davomida bildirilgan taklif va tavsiyalarni amaliyotga tatbiq etish bo`yicha tegishli chora-tadbirlarni ishlab chiqishga kelishildi.

Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda paxtachilik sohasida bolalar mehnati va majburiy mehnatning oldini olishga qaratilgan monitoring ishlarini davom ettirish, 2021 yildan boshlab iqtisodiyotning boshqa sohalarda ham fuqarolik jamiyati institutlari, nodavlat notijorat tashkilotlarning vakillarini keng jalb etgan holda monitoring o`tkazilishini yo`lga qo`yishga kelishib olindi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1