1

Elchi Mehmet Surayyo Er janoblari: Navoiy hikmatlaridan bahramandlik istagi Turkiya olimlarining ham katta orzusi

Madaniyat 09.02.2021, 09:36
Elchi Mehmet Surayyo Er janoblari: Navoiy hikmatlaridan bahramandlik istagi Turkiya olimlarining ham katta orzusi

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat O`zbek tili  va adabiyoti universitetida Hazrat mir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligiga bag`ishlangan ilmiy konferensiya bo`lib o`tdi. Unda Turkiya Respubliksining O`zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Mehmet Surayyo Er janoblari nutq so`zladi. 

"Turkiy olamning buyuk allomasi, turkiy tilning jonkuyari Hazrat Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligiga bag`ishlangan ushbu konferensiyada nutq so`zlayotganimdan juda mamnunman. Menga bu imkoniyatni taqdim etgan barchaga, xususan, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent o`zbek tili va adabiyoti universitetiga o`z minnatdorchiligimni bildiraman.

Markaziy Osiyoda turkiy til va adabiyotning rivojlanishida xizmatlari beqiyos bo`lgan Hazrat Alisher Navoiyning hazinasi butun turk dunyosining umumiy ma`naviy qadriyati sifatida e`zozlanib, hali hamon o`rganib kelinmoqda. U kishining o`lmas asarlari mag`rib-u mashriqda, jumladan Turkiyada ijod qilayotgan adabiyotshunos va tilshunos olimlarni ham birlashtirib turadi. Asarlari faqatgina Turkistonda emas, Afg`onistonda ham, Ozarbayjonda ham, Anadoluda ham katta hayrat bilan o`qilgan Alisher Navoiy hazratlarini XV asr Usmoniy shoirlari o`zlarining ustozi deb bilganlar, she`rlariga naziralar bitganlar. Usmoniy sultonlarimiz, podshohlarimiz Navoiydek she`r yozishni, g`azal o`qishni katta san`at deb hisoblaganlar. Buyuk tarixchi olim Fuad Ko`pruluning ta`kidlashicha, “Usmoniylar imperiyasining Budindan Basragacha bo`lgan keng hududdagi barcha katta markazlarida Navoiy asarlarini doim mutolaa qilishgan, shoirlar taqlidan sh`erlar bitishgan. O`sha davrda ozmi- ko`pmi adabiyotga ixlosi bor kishining Navoiyni o`qimagan bo`lishi mumkin emas edi." Navoiy ijodiga bunday qiziqish vaqt hukmiga bo`ysunmaydi, hazrat asarlariga oshino bo`lish, hikmatlaridan bahramandlik istagi hozirgi Turkiya olimlarining ham katta orzusidir.

Navoiy o`z asarlarida ulug`lagan, salobati va jozibasini ko`rsatib bergan va “Navoiy tili” deb atalgan chig`atoy lahjasi asosida rivojlangan O`zbek tili bugun ham unda bitilgan asarlar bilan butun go`zalligini namoyon etmoqda, qadri oshib bormoqda. Shu o`rinda  Prezident janob Shavkat Mirziyoevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidek yuksak minbardagi ma`ruzalarini o`zbek tilida so`zlaganliklari butun turk olami uchun baxt va g`urur manbai bo`lganini yana bir bor ta`kidlab o`tmoqchiman.

Prezident janob Shavkat Mirziyoev o`tgan yili oktyabr oyida imzolagan farmonlari bilan Alisher Navoiy Hazratlari tavalludining 580 yilligining munosib nishonlanishi uchun bir yo`l xaritasini belgilab bergan edilar. Kuni kecha Prezidentimiz janob Rajab Toyyib Erdo`g`on tomonidan imzolangan Qaror bilan 2021 yil-Yunus Emre va Turk tili yili deb e`lon qilindi. Bundan tashqari O`zbekistonning ham qo`llab-quvvatlashlari bilan Yunus Emre vafotining 700 yilligi YuNESKOning 2021 yilda nishonlanadigan sanalar ro`yxatiga kiritildi. Prezidentlarimizning tashabbuslari va shaxsiy ko`rsatmalari bilan 2021 yilda umumiy merosimizning bu ikki buyuk siymosining xotirasi uchun birgalikda katta ishlarni amalga oshiriramiz, qo`shma loyihalar, ilmiy tadqiqotlar va xalqaro anjumanlar orqali biz o`z umumiy boyligimizni saqlab qolishda davom etamiz va ayniqsa, yosh avlodning dunyo miqyosida o`zbek tiliga bo`lgan qiziqishini oshiramiz.

Yunus Emrening ham g`arb, ham sharq adabiyotining eng buyuk asarlarini o`zbek tiliga birdek katta mahorat bilan o`girgan ulug` shoir, turk dunyosining iftixori,  O`zbekiston xalq shoiri Jamol Kamol tomonidan o`zbek tiliga tarjima qilingan

“Yunus bu sozlarni aytar,

Go`yo asalga moy qotar,

Xalqqa matolarin sotar,

Moli gavhardir, tuz emas.”

misralarida “asalni moyga qotgandek” go`zal so`zlar aytganini, bu so`zlarining gavhar yanglig` qiymatli ekanligini ta`kidlaganidek, Navoiy ham nomi va asarlarining mangu yashab qolishiga ishongan edi. Shoirning 

“Umidim uldurki va hayolimga andoq kelur ki, so`zim martabasi avjdan quyi enmagay”

 deb yozganlari ijobat bo`lib, shoir so`zlari  XXI asrda ham dunyo bo`ylab o`zinig yuksak parvozini davom ettirmoqda...

Men barchangizni buyuk mutafakkir Nizomiddin Mir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi munosabati bilan tabriklayman va ushbu ilmiy anjumanning natijalari o`zbek tili va butun turk olami uchun foydali bo`lishini tilab qolaman", deya o`z nutqini tabrik bilan yakunladiElchi janoblari.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1