Kuni kecha Oliy Majlis Senati Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo`mitasi raisi o`rinbosari N.Abdullaxanov tomonidan mahalliy Kengash deputatlari, xalq ta`limi boshqarmasi mas`ullari bilan birgalikda o`z saylov okrugi hududida joylashgan46-sonli umumta`lim maktabida o`rganish olib borildi. Ma`lum bo`lishicha, mazkur maktabda so`nggi 30 yil ichida atigi 26 nafar bola oliy ta`lim muassasasiga o`qishga qabul qilingan.
Bundan tashqari, mahalliy Kengashlar deputatlari, xalq ta`limi boshqarmasi mutasaddilari, o`qituvchilar va ota-onalar bilan maslahatlashgan holda mazkur maktabda “onalar soati” tashkil etildi. Unda onalar bevosita dars jarayonlarini kuzatishi qatorida farzandining o`zlashtirishi, pedagoglarning malakasi, ta`lim sifati haqida xabardor bo`lishi mumkin. Bu amaliyot Respublikada birinchi marta tajriba sifatida ushbu ta`lim muassasasida joriy etilmoqda.
Shu bilan birga, malakali o`qituvchilar tomonidan o`quvchilarga beshta fandan bepul to`garaklar o`tilishi yo`lga qo`yildi. Sinf xonalari esa shu to`garak o`tkaziladigan fanga mos tarzda jihozlanadigan bo`ldi. Shuningdek, eng faol o`qituvchilarga qimmatbaho sovg`alar topshirildi.
Yana bir jihat. Oliy Majlis Senati Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo`mitasi raisi o`rinbosari N.Abdullaxanov Namangan shahridagi mazkur 46-sonli umumta`lim maktabi o`quvchilari uchun “senator stipendiyasi”ni ta`sis etdi. Har oy maktabning 10 nafar o`quvchisi ushbu stipendiyaga ega bo`lishi mumkin. Bu esa ularning yaxshi ko`rsatkichlar uchun intilishiga olib keladi. Qolaversa, o`quvchi-yoshlar uchun kichik rag`bat bo`ladi, desak mubolag`a emas.