Davlat soliq qo`mitasi raisi Sherzod Kudbiev byudjetga to`lanishi lozim bo`lgan soliqlarni kamaytirib ko`rsatish va qo`shilgan qiymat solig`i summasini noqonuniy hisobga olish bilan bog`liq muammolarga duch kelgan 50 dan ziyod tadbirkorlik sub`ekti vakillari bilan uchrashdi. Bu haqda qo`mita Axborot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda Sh.Kudbiev mamlakatimiz iqtisodiy barqarorligini ta`minlash va aholi turmush farovonligini oshirish yo`lida yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish, xususan, «shubhali» korxonalar faoliyatga chek qo`yishda ortga yo`l yo`qligini va bu boradagi ishlar jadal davom ettirilishini qat`iy ta`kidlab o`tdi.
Buning uchun davlat soliq xizmati organlari ma`lumotlar bazasi, serverlari quvvatini muntazam ravishda oshirib boriladi, sohaga biznes jarayonlarni inson omili aralashuvisiz avtomatik tahlil qilish va soliq qonunchiligi buzilishining yuqori risklari, shubhali moliyaviy operasiyalarni aniqlab berish imkonini beruvchi zamonaviy texnologiyalardan keng foydalaniladi.
Mutaxasssislar tomonidan olib borilgan keyingi tahlillar natijasida shubhali tadbirkorlik sub`ektlari soni bundan ham ko`p ekanligi aniqlandi. Tahlika-tahlil (risk-analiz) dasturi orqali o`tkazilgan tahlillar natijalariga ko`ra, dastlabki aniqlangan 396 ta shubhali korxona qatoriga yana 129 ta korxona qo`shilib, ular soni 525 taga etdi.
Shuningdek, qo`mita raisi «obnalchilar» – halol ishlaydigan tadbirkorning birinchi va yagona dushman ekanligi, ular nosog`lom raqobat muhitini vujudga keltirib, boshqa insofli soliq to`lovchilar biznesiga putur etkazayotganligiini, bunday noqonuniy harakatlar bo`yicha to`plangan materiallar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilganligini alohida e`tirof etdi.
DSQ raisi har bir tadbirkorning arzini birma-bir tingladi. Ularning muammolariga asosli echimlar taklif etdi. Jumladan, QQS summasini noqonuniy hisobga olish natijasida soliq qarzdorligi vujudga kelgan tadbirkorlarga Soliq kodeksi normalari asosida ularni bo`lib-bo`lib to`lashga ruxsat berdi. Bunda tadbirkorlik sub`ekti vakillari davlat soliq organlariga ariza bilan murojaat qilishlari lozim bo`ladi.
Ma`lumot uchun, hozirgacha, 10 mingga yaqin korxona byudjetga to`lanadigan soliq summalarini kamaytirgan shubhali tadbirkorlik sub`ektlari bilan moliyaviy operasiyalarni amalga oshirib, qariyb 1 trillion so`m miqdoridagi qo`shilgan qiymat solig`i summasini hisob (zachet)ga olgan holda byudjetga to`lamagaligi aniqlandi.
Mavzuga doir:
Zarar ko`rgan yirik tashkilotlar safida “O`zbekiston temir yo`llari” ham bor — QQS mojarosi haqida
«Obnal firma»lar bilan «soxta» bitim tuzgan davlat korxonalari ro`yxati e`lon qilindi