“COVID-19” ga qarshi kimlarga emlanish tavsiya etilmaydi? Emlangandan keyingi asoratlar bo`lishi mumkinmi? SSV matbuot xizmatining shu kabi muhim savollariga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig`i o`rinbosari Nurmat ATABEKOV javob berdi.
— Emlash tadbirlarini amalga oshirish paytida ushbu vaksinani ishlab chiqargan tashkilotning tavsiyalariga amal qilinadi, — deydi Nurmat Atabekov. — OIV infeksiyasiga yoki autoimmun kasalliklariga chalingan shaxslarni, shu jumladan anamnezida og`ir allergik reaksiyalari mavjud bo`lgan shaxslarni, homiladorlarni, emizikli ayollarni va 18 yoshgacha bo`lgan aholi qatlamini emlash tavsiya etilmaydi.
Har qanday holatda ham emlash to`g`risidagi qaror tibbiy ko`rik natijasida qabul qilinadi.
Mabodo emlashga mone`lik qiladigan u yoki bu turdagi holatlar kuzatilsa, tibbiy ko`rik o`tkazayotgan shifokor, albatta, unga e`tibor qaratadi.
— Koronavirus bilan kasallangan shaxslar bilan yaqin aloqada bo`lganlarni emlash mumkinmi? Buni qaerda va qanday amalga oshirish mumkin?
— Koronavirus bilan kasallangan odamlar bilan yaqin aloqada bo`lgan shaxslar karantin (14 kun) tugaganidan keyin, shifokor ko`rigidan so`ng emlanadi.
— Emlangandan keyingi asoratlarning oldini olish borasida qanday ishlar qilinyapti?
— Koronavirusga qarshi emlangan shaxslar patronaj tibbiyot xodimlari tomonidan emlangandan so`ng 30 daqiqa davomida kuzatib turiladi. Keyinchalik uch kun davomida uyiga tashrif buyurish yo`li bilan muntazam tibbiy kuzatuvga olinadi. Ularning sog`lig`i, ahvoli ko`zdan kechirilib, tegishli hujjat bilan rasmiylashtiriladi.
Barcha emlash maskanlarida mutaxassislar (vaksinatorlar), asbob-anjomlar va birinchi tibbiy yordam uchun zarur bo`lgan dori-darmonlar zahirasi yaratiladi. Emlash mutaxassislari emlashdan keyingi salbiy reaksiyalarni aniqlash va lozim bo`lgan taqdirda tegishli tibbiy yordam ko`rsatish bo`yicha tayyorgarlikdan o`tkazilgan. “COVID-19” ga qarshi emlanish bilan bog`liq allergik reaksiya kuzatilgan hollarda tez tibbiy yordam brigadalari ham jalb etiladi.
Yana bir bor ta`kidlab o`tamiz, fuqarolar emlanishdan oldin, albatta, tibbiy tekshiruvdan o`tkaziladi. Bu kutilmagan asoratlarning oldini olishga zamin yaratadi.