12 martdan 13 martga o`tar kechasi Uchquduq, Tomdi tumanlari va Zarafshon shahrida kuchli shamol esib, qor yog`di.
Navoiy viloyat hokimligi axborot xizmatining xabar berishicha, elektr tarmoqlari tizimida nosozliklar kelib chiqqan, ayrim hududlarda aholi chiroqsiz qolgan.
Ayni paytda elektr ta`minoti korxonalari xodimlari tomonidan noqulay ob-havo sharoiti tufayli yuzaga kelgan vaqtinchalik uzilishlarni bartaraf etish ishlari kuchaytirilgan tartibda olib borilyapti.
Vaqti-vaqti bilan qor va yomg`ir yog`ayotganligi, shamol tezligi 30-35 m/s gacha kuchayib, yo`lga sepilgan qum va tuz aralashmalarini ham uchirib yuborayotganligi, buning natijasida muzlamalar yuzaga kelganligi bois, Navoiy viloyati Zarafshon shahar, Uchquduq va Tomdi tumanlari hududidan o`tgan A379 avtomobil yo`lining 206-289 kilometrlarida transport vositalari harakati vaqtincha to`xtatildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Yo`l harakati xavfsizligi Bosh boshqarmasi xabar berdi