Qashqadaryo viloyati G`uzor tumani hokimligi matbuot xizmati 2 aprel kuni tarqatgan axborotga ko`ra, koronavirusga chalingani gumon qilingan 56 nafar shaxsdan olingan laboratoriya tahlil namunalari (ushbu namunalar aynan qaysi sanada olinganiga aniqlik kiritilmagan) viloyat virusologiya laboratoriyasiga yuborilgan, laboratoriya tekshiruvi natijalariga ko`ra (tekshiruv aynan qaysi sanada o`tkazilganiga aniqlik kiritilmagan) ularning 14 nafarida COVID-19 infeksiyasi aniqlangan.
Ushbu bemorlarning bari Qashqadaryo viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan. 3 aprel, shanba kuni viloyat hokimligi matbuot xizmati koronavirusga chalingani tasdiqlangan 14 bemordan biri «shifokorlar tomonidan standartlar asosida ko`rsatilgan muolajalarga qaramay» vafot etganini ma`lum qildi.
«Tumandagi ‘Sovbog`’ mahalla fuqarolar yig`inida yashagan 68 yoshli fuqaro N.R. yondosh kasalliklari (qandli diabet) bo`lganligi sababli kasallik og`ir kechdi. Bemor o`tkir qon tomir va nafas etishmovchiligidan viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida vafot etdi. Tuman hokimligi jamoasi marhumning vafoti munosabati bilan uning yaqinlariga hamdardlik bildiradi», — deyiladi G`uzor hokimligi axborotida.
Qayd etish joiz, G`uzor tumanida aprel oyida kuzatilgan 14 ta kasallanish va koronavirus oqibatidagi bitta o`lim holati hozircha Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan yuritilayotgan O`zbekistonning rasmiy koronavirus statistikasidan o`rin olmagan. SSV ma`lumotlariga ko`ra, aprel oyining dastlabki uch kunida butun Qashqadaryo viloyatida koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish bilan bog`liq faqat ikkita holat (2 aprel kuni) aniqlangan.
Ma`lumot uchun, SSV tomonidan yuritilayotgan rasmiy statistika bo`yicha Qashqadaryo viloyatida 2021 yil boshidan 3 aprelga qadar — 93 kun davomida — koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish bilan bog`liq jami 52 ta holat (kuniga o`rtacha 0,55 ta holat) tasdiqlangan. Xususan, yanvar oyida 21 ta (oyning 12 kunida kasallik aniqlangan, qolgan 19 kunida kasallik aniqlanmagan), fevral oyida 9 ta (oyning faqat 4 kunida kasallik aniqlangan, qolgan 24 kunda kasallik aniqlanmagan), mart oyida 20 ta (oyning faqat 5 kunida kasallik aniqlangan, qolgan 26 kunida kasallik aniqlanmagan) va aprel oyida, yuqorida ta`kidlanganidek, faqat 2 aprel kuni 2 ta holat qayd etilgan.