Koronavirusga qarshi kurash shtabi a`zosi Sevara Ubaydullaeva chet elda emlanib, emlanganlik sertifikatini olgan fuqarolar O`zbekistonda qaytadan emlanishi shart emasligini ma`lum qildi.
Xabarga ko`ra, bunday holatlarda tibbiyot muassasalari xodimlariga mazkur sertifikat taqdim etiladi va fuqaro emlanganlar ro`yxatiga kiritiladi. Xorijda vaksina qabul qilgan fuqarolar 2 yoki 3 bosqichli emlashdan to`liq o`tganlaridan so`nggina emlanganlik sertifikatini oladi. Ba`zi davlatlarda sertifikat o`rniga ma`lumotnoma beriladi. Bu ma`lumotnomada emlashning barcha bosqichidan to`liq o`tgan yoki o`tmaganlik to`g`risida yozuvlar kiritilgan bo`ladi. Bu hujjat tibbiyot xodimlari tomonidan o`rganib chiqilgach, mazkur fuqaroni emlash bo`yicha xulosa qilinadi.
Qayd etilishicha, agar fuqaro chet elda ham mamlakatda qo`llanilayotgan vaksina bilan emlanishni boshlagan bo`lsa, keyingi bosqichlarni O`zbekistonda davom ettirishi mumkin.