AsosiyIqtisodiyot

O`zbekistonda mashhur brend ostidagi kontrafakt mahsuloti ishlab chiqarilishi to`xtatildi

'O`zbekistonda mashhur brend ostidagi kontrafakt mahsuloti ishlab chiqarilishi to`xtatildi'ning rasmi

Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi ishchi guruhi tomonidan o`tkazilgan «Kontrafaktsiz oy» oyligi davomida respublika miqyosida bozorlar, yirik savdo majmualari va ko`chma savdo nuqtalarida kontrafakt mahsulotlar aylanmasiga qarshi kurashish bo`yicha profilaktika tadbirlari olib borildi, deb xabar beradi «Xalq so`zi Online».

Ta`kidlanishicha, hozirda ishchi guruh tomonidan kuniga 100 dan ortiq kontrafakt mahsulotlar aniqlanmoqda. Bugungi kunga kelib, ishchi guruh tomonidan aniqlangan kontrafakt mahsulotlarning soni 2 mingdan oshib ketgan. Ushbu aniqlangan kontrafakt mahsulotlarning har biri agentlik ekspertlari tomonidan o`rganilib, bosqichma-bosqich ularning ishlab chiqaruvchilariga nisbatan huquqbuzarlik darajasidan kelib chiqqan holda ogohnoma, taqdimnoma, ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risida bayonnoma kabi ta`sir choralar qo`llanilmoqda.

Jumladan, hozirgi kunga qadar 400 dan ortiq holat bo`yicha kontrafakt mahsulot ishlab chiqarayotgan nohalol tadbirkorlik sub`ektlarining shaxsi aniqlanib, shulardan 74 ta tadbirkorlik sub`ekti rahbarlariga nisbatan aniqlangan qonun buzilishlar, ularga imkon beruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish haqida ko`rib chiqilishi majburiy bo`lgan taqdimnomalar kiritilgan.

Shuningdek, qonunchilikni buzish orqali ma`muriy javobgarlikka sabab bo`ladigan holatlar yuzasidan 41 ta tadbirkorlik sub`ekti rahbarlariga nisbatan Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining tegishli moddalari bilan ma`muriy javobgarlik to`g`risida bayonnomalar rasmiylashtirilib, ma`muriy javobgarlik masalasini ko`rib chiqishlik uchun sudlarga yuborilgan.

Xususan, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Sraft Foods Rus (Rossiya) mas`uliyati cheklangan jamiyatiga tegishli Alpen Gold jamlanma tovar belgili mahsulotining Aybon Gold nomli kontrafakt nusxasi Max-Elite MChJ tomonidan ishlab chiqarib kelingan. Holat bo`yicha jamiyat rahbariga tegishli tushuntirish va ogohlantirish ishlari olib borilishi natijasida kontrafakt mahsulot ishlab chiqarish to`xtatilishiga erishilgan.

Bundan tashqari, mazkur tadbirlar jarayonida 300 dan ortiq ishlab chiqaruvchisi noma`lum bo`lgan soxta mahsulotlar ham aniqlandi. Jumladan, Germaniyaning Adidas AG kompaniyasiga tegishli Adidas tovar belgili mahsulotining Abibas kabi kontrafakt nusxalari aniqlangan. Ishlab chiqaruvchisini topish va chora ko`rish uchun «xufiyona iqtisodiyot» shakllanishining holatlarini aniqlash bo`yicha choralar ko`rish, yashirin ishlab chiqarish, kontrafakt mahsulotlarni ishlab chiqarish faoliyatiga chek qo`yish bo`yicha vakolatli davlat organi – Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga taqdim etilgan.

Boshqa yangiliklar