O`zbekiston Respublikasi sobiq Milliy Xavfsizlik Xizmatining “Markaziy binosi” ommaviy savdolarga chiqarildi. Bu haqda Respublika Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabar bermoqda.
Ma`lum qilinishicha, Toshkent shahar, Yunusobod tumani, Sayilgoh ko`chasida joylashgan “Markaziy bino” hududi bo`yicha ommaviy savdo jarayonlari boshlangan.
Unga ko`ra, davlat aktivini sotish ikki bosqichda o`tkaziladi.
Bunda birinchi bosqichda – talabgorlar oldindan saralanadi, jumladan, savdolarda qatnashish uchun talab qilingan hujjatlarning to`liqligi, garov (zaklad) puli kelib tushgani, davlat aktividan kelgusida foydalanish yo`nalishlariga qo`yilgan talabga nisbatan talabgor tomonidan taklif etilgan biznes konsepsiyasi loyihasining maqbul yoki maqbul emasligi ko`rib chiqiladi.
Ikkinchi bosqichda – talabgorning tijorat takliflari (sotib olish narxi va to`lovni amalga oshirish muddati) hamda to`lov qobiliyati baholanadi.
Savdoda yuridik va jismoniy shaxslar ishtirok etishlari mumkin. Bunda davlat aktivini sotib olish bo`yicha birinchi bosqichda bitta taklif kelib tushgan hollarda, savdolar o`tkazilmagan deb e`tirof etiladi.
Qayd etilishicha, ushbu binodan kelgusida ofis, savdo, savdo-ko`ngilochar, madaniy-xordiq, sport, turistik va boshqa xizmatlar ko`rsatish faoliyati yo`nalishlaridan biri yoki bir nechtasini amalga oshirilishi talab etiladi.
Shuningdek, savdo yakunlari bo`yicha savdo g`olibi bilan Davaktiv agentligi tomonidan xabarnoma yuborilgan sanadan boshlab 20 kun ichida oldi-sotdi shartnomasi rasmiylashtiriladi (fors-major holatlari bundan mustasno) va savdolarga qatnashish uchun to`langan garov (zaklad) puli davlat aktivi xarid to`lovining bir qismi sifatida qabul qilinadi.
Davlat tender komissiyasi yoki Ishchi organ o`z xohishiga ko`ra hech qanday majburiyatni o`z zimmasiga olmagan holda, har qanday vaqtda savdoni to`xtatishi hamda savdo jarayonida talabgorlardan qo`shimcha va yoki aniqlashtiruvchi ma`lumotlar so`rashi mumkin.






