Prezident tomonidan «Kapital bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi farmon imzolandi. Bu haqda «Norma» xabar berdi.
Farmonga ko`ra, quyidagilar 2021-2023 yillarda kapital bozorini rivojlantirish dasturi (keyingi o`rinlarda – Dastur) tasdiqlandi. Dasturning asosiy maqsadi erkin muomaladagi qimmatli qog`ozlarning umumiy hajmini yalpi ichki mahsulotning kamida 5 foiziga etkazish hisoblanadi. Shu bilan birga:
- Dasturni amalga oshirish natijasida erishiladigan maqsadli ko`rsatkichlar;
- Dasturni amalga oshirish bo`yicha «Yo`l xaritasi»;
- 2021-2023 yillarda aksiyalari fond birjasi orqali ommaviy joylashtirilishi belgilangan korxonalar ro`yxati tasdiqlandi.
Shuningdek, farmon bilan kapital bozorini rivojlantirishning asosiy yo`nalishlari belgilandi:
- kapital bozorining raqobatbardoshligini oshirish va uning kapitallashuvini 2023 yil yakuniga qadar 45 trillion so`mga etkazish, bank tomonidan kreditlashga muqobil bo`lgan samarali moliyalashtirish mexanizmini yaratish;
- xalqaro moliya bozorlari bilan faol integrasiyalashuv, zamonaviy AKTdan keng foydalanish va xorijda muvaffaqiyatli sinovdan o`tgan ilg`or yondashuvlarni qo`llash orqali barcha toifadagi investorlar uchun kapital bozorining qulayligini oshirish;
- 2023 yil yakuniga qadar respublika va hududiy investisiya dasturlari doirasida loyihalarning qimmatli qog`ozlar chiqarish orqali moliyalashtirilgan qismini 5 foizga etkazish;
- minoritar investorlar, kapital bozorining boshqa ishtirokchilari hamda aholi keng qatlamlarining bilimlari, ko`nikmalari va moliyaviy savodxonligini oshirishni qo`llab-quvvatlash dasturlari doirasida 2023 yil yakuniga qadar 40 ming nafar aholini qamrab olish.
Mahalliy emitentlar o`z aksiyalarini 2023 yil 1 yanvardan boshlab dastlab respublika fond birjasida joylashtirgandan so`ng xorijiy fond bozorlarida joylashtirishi mumkin bo`ladi. Ommaviy savdolar orqali aksiyalarni IPO (aksiyalarning birlamchi ommaviy joylashtirilishi) yoki SPO (aksiyalarning ikkilamchi ommaviy joylashtirilishi) usulida joylashtirish natijalari qayta ko`rib chiqilmaydi.
Quyidagilar davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo`lgan aksiyadorlik jamiyatlari aksiyalarining IPO va SPO usullarda joylashtirishni amalga oshirish uchun shartlar hisoblanadi:
- IPO yoki SPO yo`li bilan sotiladigan aksiyalarni xarid qilish uchun arizalarni to`plash ushbu IPO yoki SPOni o`tkazish shartnomasi tuzilgan anderrayter yoki anderrayterlar guruhi tomonidangina amalga oshiriladi;
- anderrayter aksiyadorlik jamiyatini dastlabki o`rganish natijalari asosida aksiyalar xaridi bo`yicha arizalarni to`plash uchun narx chegaralarini belgilaydi;
- IPO va SPO yo`li bilan aksiyalarni taqsimlash aksiyalarga bo`lgan talab va taklifdan kelib chiqqan holda, anderrayter tomonidan aniqlanadigan yagona narx asosida amalga oshiriladi;
- anderrayterga aksiyadorlik jamiyati bilan tuzilgan shartnoma asosida aksiyalar taqsimlanadigan investorlarni tanlash, shuningdek, investorlarga IPO va SPO doirasida xarid qilingan aksiyalarni sotish taqiqlanadigan muddatni belgilash huquqi beriladi.
Belgilanishicha, 2021 yil 1 noyabrga qadar «Qimmatli qog`ozlarning markaziy depozitariysi» Davlat korxonasi hisob raqamlari Markaziy bankka o`tkaziladi. Shuningdek, tegishli vazirlik va idoralarning «Moliya va investisiya savodxonligi» dasturini quyidagi tamoyillar asosida amalga oshirish to`g`risidagi taklifi ma`qullandi:
- aholi va tadbirkorlik sub`ektlarining moliyaviy savodxonligini oshirish, ularni moliyaviy xizmatlar va mahsulotlar, jumladan, kapital bozori hamda moliyaviy instrumentlar haqida xabardor qilish bilan bog`liq tashabbuslarni hamjihatlikda amalga oshirgan holda mutasaddi tashkilotlar bilan faol hamkorlikni yo`lga qo`yish;
- ilg`or xorijiy o`quv muassasalari va tadqiqot institutlari, moliya tashkilotlaridan etakchi mutaxassislarni moliyaviy savodxonlik darajasini oshirishga oid ta`lim tadbirlariga keng jalb qilish;
- umumta`lim maktablari o`quvchilari hamda noiqtisodiy yo`nalishdagi oliy ta`lim tashkilotlari talabalari uchun «Moliyaviy savodxonlik» o`quv kursini fan sifatida joriy etish va boshqalar.
Ma`lumot o`rnida, anderrayter faoliyati (anderrayting) — emitent va anderrayter (anderrayterlar) o`rtasidagi shartnomada belgilangan shartlar asosida emitent qimmatli qog`ozlarining chiqarilishini tashkillashtirish yoki kafolatli joylashtirish bo`yicha xizmatlar ko`rsatish faoliyati. Anderrayter — anderrayting faoliyatini amalga oshiruvchi investisiya vositachisi yoki tijorat banki.