O`zbekiston davlat mustaqilligining o`ttiz yilligi hamda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning ijobiy natijalarini Turkiya ishbilarmon hamda tahliliy-ekspert doiralariga etkazish maqsadida mamlakatimiz elchixonasi tomonidan taqdimot o`tkazildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.
«Yangi O`zbekistonning iqtisodiy va investisiyaviy salohiyati» mavzusida o`tkazilgan tadbirda Anqaradagi «Evroosiyo iqtisodiy hamkorlik uyushmasi», nufuzli turk ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi.
Anjumanda Prezident Shavkat Mirziyoev boshchiligida O`zbekistonda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, ishbilarmon va sarmoyadorlarga yaratilayotgan qulayliklar, shuningdek, mamlakatimizning boy tarixiy-madaniy merosi, turistik salohiyati va investisiyaviy imkoniyatlari haqida batafsil ma`lumot berildi.
Turk ishbilarmon doiralari vakillariga mamlakatimizning savdo-iqtisodiy sohadagi imkoniyatlari, jozibador sarmoyaviy iqlimi, eksport yo`nalishidagi ustuvor jihatlari tanishtirildi. Shuningdek, “G2V” formatida muzokaralar o`tkazildi.
Anjuman yakunida O`zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi va Evrosiyo iqtisodiy aloqalar assosiasiyasi (EkoAvrasya) o`rtasida hamkorlik bayonnomasi imzolandi. Hujjatga binoan, O`zbekiston va Turkiya o`rtasidagi mavjud munosabatlarga munosib hissa qo`shish maqsadida ikki muassasa tomonidan qo`shimcha doimiy faoliyat ko`rsatuvchi platforma tashkil etildi. Mazkur platforma asosida EkoAvrasya tadbirkorlar uyushmasi hamda elchixona tomondan «iqtisodiy diplomatiya» doirasida tizimli ravishda tegishli tadbirlar tashkil etadi.
Ishtirokchilar mamlakatimizda tadbirkorlik sub`ektlari va xorijlik sarmoyadorlar uchun yaratilgan qulaylik va imtiyozlar, investorlarni qo`llab-quvvatlashdagi sa`y-harakatlarlarni yuqori baholadi.
Evrosiyo iqtisodiy aloqalar assosiasiyasi boshqaruv kengashi raisi Hikmet Eren O`zbekistonning elchixonasi va EkoAvrasya o`rtasida imzolangan hamkorlik bayonnomasi ikki tomonlama munosabatlarning rivojiga munosib hissa qo`shishiga ishonch bildirdi. O`zbekiston va Turkiya mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlari, savdo-sanoat palatalari hamda oliy ta`lim maskanlari o`rtasida aloqalar o`rnatish va hamkorlik loyihalarini amalga oshirishda Assosiasiya bor salohiyatini to`la ishga solishini ta`kidladi. U O`zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoev boshchiligida amalga oshirilayotgan islohatlar nafaqat o`zbek xalqi, balki butun turkiy dunyo xalqlari manffatlariga xizmat qilishini alohida qayd etdi.
“SUN Grup A.Ş.” boshqaruv kengashi raisi Fotih Gyultekinning ta`kidlashicha, so`ngi yillarda O`zbekiston va Turkiya o`rtasidagi munosabatlaring ijobiy tomonga o`zgarishi, ishbilarmon doiralar vakilariga katta imkoniyatlar yaratmoqda. Ikki davlat o`rtasidagi iqtisodiy munosabatlarni rovojlantirishda normativ-xuquqiy bazaning mustahkamlanishi tadbirkorlik sub`ektlari va xorijiy investisiyalarning kafolatlarini ta`minlashdagi eng jiddiy qadamdir. O`zbekistonda tadbirkorlikni amalga oshirish va iqtisodiy jarayonlar boshqaruviga va ishlab chiqarishga xalqaro standartlarning tadbiq qilinishi ishlab chiqarilayotgan maxsulotlarning dunyo bozoridagi raqobatbardoshligini oshirishi shubhasizdir.






