Internet saytlari va turli xil ijtimoiy tarmoqlarda turli bahs-munozaralarga sabab bo`layotgan “PRIME CAPITALS” xususiy brokerlik kompaniyasining lisenziya blankasi Markaziy bank tomonidan tijorat bankiga “bank operasiyalarini amalga oshirish uchun” berilgan amaldagi lisenziya blankasiga o`xshatma shaklida soxtalashtirilganligi aniqlandi.
Markaziy bank “PRIME CAPITALS” xususiy brokerlik kompaniyasiga “bank operasiyalarini amalga oshirish uchun” lisenziya berilmaganini ma`lum qildi.
Firibgar kompaniya yoki firmalar tomonidan Markaziy bankning lisenziya blankasini soxtalashtirish orqali sodir etilishi mumkin bo`lgan turli noqonuniy harakatlardan himoyalanish maqsadida Markaziy bank fuqarolarni shubhali firmalarning xizmatlaridan foydalanmaslikka, hujjatlar bilan ishlashda e`tiborliroq bo`lishga chaqirmoqda.
️Shu bilan birga, Markaziy bankning rasmiy blankasida chop etilgan lisenziyalar taqdim etilgan holatlarda undagi ma`lumotlarni Markaziy bankning rasmiy veb-saytida (www.cbu.uz) mavjud bo`lgan lisenziyalangan va ro`yxatga olgan tashkilotlar to`g`risidagi ma`lumotlar bilan solishtirib ko`rishni tavsiya etilmoqda.
️Bu o`z navbatida, fuqarolarning kelgusida moliyaviy bozordagi xizmatlardan foydalanish jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo`lgan turli tushunmovchilik va nizoli holatlar kelib chiqishining oldini oladi, - deyiladi xabarda.






