AsosiySavol-javob

Boris Maqsudov: Professional jurnalistda doimiy yangilikni kashf etishga ishtiyoq bo`lishi kerak

'Boris Maqsudov: Professional jurnalistda doimiy yangilikni kashf etishga ishtiyoq bo`lishi kerak'ning rasmi

«Sevimli» telekanalida o`zining kasb mahoratini o`rgatish uchun «Rossiya 24» federalnogo telekanali telejurnalisti Boris MAQSUDOV tashrif buyurdi. U vataniga kelgandagi (Boris O`zbekistonda tug`ilgan va bu erda 15 yoshigacha yashagan – muallif izohi), taassurotlari haqida “Darakchi plyus” gazetasi muxbiriga so`zlab berdi. 

Men yangi O`zbekistonni ko`rdim

– Men deyarli 20 yildan buyon O`zbekistonda bo`lmagandim. 3 yil oldin yirik madaniy tadbir – Samarqandda bo`lib o`tgan “Sharq taronalari” festivalida ishtirok etish uchun bu erga keldim. Biz keldik va yaxshi ishladik, festival haqida, O`zbekiston va uning Rossiya bilan aloqalari to`g`risida bir nechta reportaj tayyorladik. Shundan so`ng bizni bu erga tez-tez chaqirib turadigan bo`lishdi. Balki bunda mening azaliy ildizlarim O`zbekiston bilan bog`liq bo`lgani rol o`ynagandir.Men doim bu mamlakat haqida chin ko`ngildan gapirib beraman. Negaki bu mening vatanim va O`zbekistonda nimadir bo`lib o`tsa bu men uchun qiziqarli.Men har doim O`zbekistonda tug`ilib o`sganimni faxr bilan eslayman, hech qachon buni yashirmayman.Shu bilan birga, albatta, bu erga o`zimning 7 yashar qizim Aleksandrani ham olib kelishni xohlayman.

Umuman men reporter sifatida har qanday qiziq voqeaga befarq emasman va bular haqida o`z lavhalarimda gapirib berishni istayman. O`zbekiston haqida Rossiyada anchadan beri bunchalik batafsil va ko`p gapirmagandim. Odatda bu mamlakat haqda Navro`z yoki boshqa yirik voqealar munosabati bilan ko`rsatuv tayyorladadi. Chunki bu iqtisodiy, siyosiy jihatdan va olib borilayotgan islohotlar nuqtai nazaridan juda qiziqarli mamlakat.

Bu erda tasivrga olish uchun ajoyibotlar serob. Aytmoqchi bo`lganim men keyingi vaqtda O`zbekiston haqida syujetlar tayyorlar ekanman, o`zimning Instragram sahifamga ham rasm va lavhalar qo`yib boraman. Rossiyada O`zbekistonga nisbatan qiziqish juda kuchaygan, ko`pchilik bu erga kelishni orzu qiladi. Xuddi Rossiya O`zbekistonni yangidan kashf qilayotganday. 

Biz yanada ko`proq bu erga kela boshladik, Elektron OAV (NAESMI) milliy assosiasiyasi rahbari Firdavs Abduxalikov bilan tanishdik va do`stona munosabatlarni mustahkamladik.O`tgan yil oxirida bu erga kelganimda kontaktlarni almashishni so`radi va o`zbek reporterlari o`zaro muloqot qilishga va kasbimizga aloqador savol-javoblar olib borishga qiziqish bildirayotganini aytdi. Aytishim mumkinki, texnik imkoniyatlar jihatdan hozir O`zbekistonda hammasi juda jiddiy va yuqori bosqichda. Aynan ijodiy salohiyatni oshirishga ehtiyoj mavjud. Firdavs Abduxalikov ham shu haqda aytdi va menga o`z tajribalarim bilan o`rtoqlashishni.«Sevimli»telekanali xodimlari uchun master-klasslar o`tkazishimni taklif qildi. Albatta men shu yilning fevral oyida bu erga keldim, tizim bilan, kim qanday ishlashi bilan tanishdim. Muharrirlar va reportyorlar bilan birga ishladim. Hamma ish professional darajada bo`lishi uchun nima qilish kerakligini tushuntirdim, o`z tavsiyalarimni aytdim. Mening ishim yaxshi baholandi va men yana bu erga keladigan bo`ldim. Endilikda bergan tavsiyalarim bo`yicha aniq reja tuzib tahririyat ishlariga ko`maklashishga harakat qilyapman. Jumladan tarkibni qayta tuzish, ijodiy voqealarda ishtirok etish vositasida tahririyatlarga ishni yuqori darajada tashkil qilishda yordam beryapman. 

– O`zbekistonga uch yil oldin kelganingizda katta o`zgarishlarga guvoh bo`ldingizmi?

– Shubhasiz! Men ko`p yillar avval tamoman boshqa O`zbekistondan chiqib ketgandim. Men yana bu erga kelganimda va Samarqand, Buxoro va Toshkentda bu erda ko`rganlarimdan hayratda qoldim. Bu erda tadbirkorlik rivojlana boshlabdi, osongina dollarni bankdan so`mga almashtirish mumkin, turli tillardagi peshtaxtalar paydo bo`libdi, maktablarda yana rus tili o`qituvchilariga ehtiyoj paydo bo`libdi. Hatto Rossiyadan rus tili o`qituvchilari jalb etilmoqda. Mamlakat rivojlanishning yangi bosqichini boshdan kechirmoqda. Deyarli barcha hududlarda ulkan qurilishlar davom etmoqda, qaerga bormay yangi korxonalar,yangi ish joylari va Rossiya fuqarosi sifatida menga shunisi quvonchliki, mamlakatlarimiz o`rtasida avvalo do`stona va har tomonlama foydali iqtisodiy munosabatlar mustahkamlanmoqda. 

Telejurnalist kasbi haqida

– Sizning fikringizcha telejurnalistikada nima etishmayapdi? 

– Avval aytib o`tganimdek, telekompaniyalar texnik jihatdan juda yaxshi ta`minlangan, bunga katta e`tibor qaratilmoqda. Turli-tuman kanallar mavjud, o`ylashimcha qandaydir axborot qamrovi etishmayaptimi... bu bo`shliq vaqt o`tishi bilan to`ladi. Telejurnalistlar haqida gapiradigan bo`lsak, kim bilan muloqot qilgan bo`lsam, bu erda o`ziga xos maktab etishmayapti. Aytib o`tganimdek buni tuzatsa bo`ladi.Yana shuni ta`kidlamoqchimanki, o`zbekistonliklarga xos bo`lgan mentalitetni, ahloq chegarasini ham unutmaslik kerak. Boshqa tomondan qaraganda bu O`zbekistonning boshqa mamlakatlardan ajralib turadigan jihatidir. Biroq reportyorlik deganda shijoat, qat`iyatlilik tushuniladi – agar biron yangilikni bilish kerak bo`lsa. O`zbekistonda odamlar juda samimiy, mulozamatli, bosiq, vazmin.. ammo bu ba`zan reportyorga halal berishi mumkin. 

– Kasbingiz haqida gapirganda siz avvaljurnalist bo`laman deb o`ylaganmidingiz?

– Mening onam va bobom ham jurnalist, men shunday muhitda katta bo`ldim. O`zim tahririyatlarga borganman, bizni uyimizga ham jurnalistlar mehmonga kelib turardi, maktabda o`qiganimda she`rlar, qiziq insholar yozib turardim. Adabiyot menga har doim yaqin bo`lgan, aqliy tomondan matematika va geometriyani yoqtirardim. Harakterim jihatidan baribir gumanitar fanlarga moyilligim bor. oilamizda hech kim meni jurnalist bo`ladi deb o`ylamagandi. O`zim ham bunday bo`ladi deb o`ylamagandim. Lekin ortga nazar tashlab ko`rsam hammasi shu yo`nalishga qarab eltgan ekan.

– Siz Sochi davlat universitetining filologiya fakultetini tamomlagansiz. Bu pedagoglikka qiziqish bilan bog`liq bo`lganmi? 

– Mening bu fakultetga o`qishga kirishimdan asosiy maqsad bepul va sifatli ta`lim olish bo`lgan. O`shanda bu yagona imkoniyat edi. Ammo aytmoqchimanki, menda pedagoglikka ishtiyoq ham yo`q emas.Men nimanidir tushuntirishni, o`rgatishni yoqtiraman. Pedagogika mening xobbim deyish mumkin. 

Jurnalist bo`lib etishmaydilar...

– Siz intervyularingizdan birida “jurnalist bo`lib etishmaydilar, jurnalist bo`lib tug`iladilar” degandingiz… 

- Albatta, axir men o`z kasbimni juda sevaman. Bu men uchun eng yaxshi kasb.Shuning uchun shunday deyman. Shuni ham ta`kidlashim mumkin, o`z fikrini chiroyli ifodalashga, reportajlar tayyorlash, zarur matnni yozishga har bir savodli odamni o`rgatish mumkin. shu ma`noda har qanday odam jurnalist bo`lishi mumkin. ammo kasbing senga daromad, quvonch olib kelishi, o`zingni namoyon etishga ko`maklashishi uchun boshqa narsa ham kerak, texnik ko`nikmalar kamlik qiladi. 

– Nima aynan? 

– Qiziquvchanlik, odamlarga bo`lgan qiziqish, yangilikka chanqoqlik, bilishga intilish. Bularning barchasi professional jurnalist uchun muhim. Shuningdek jurnalist uchun bepulga ishlamayotganingni, mehnating shunchaki xayriya uchun emasligini, bu pul olib keladigan kasb ekanligini bilish ham muhimdir. Mening fikrimcha reportyor faoliyatida eng asosiy jihat ham shu – ya`ni bu sening tirikchiliging ekanligini tushunish kerak.

– Siz o`zingiz avvalo bosma nashrda boshlagan va keysinchalik televideniega o`tgan ekansiz, nega gazetadan ketdingiz? 

– Men gazeta jurnalistikasi men uchun emasligini. Men diqqat markazida bo`lishni yoqtiraman. Harakatchan  odamman, menga kamera bilan ishlash yoqadi.Odamlarning senga e`tibor qaratishi, tanilish, mashhurlik– bular ham jurnalist uchun muhim xislatlardir. Tanilishni xohlamayman, efirga chiqish yoqmaydi degan jurnalist yo gapirgan bo`ladi yo o`z mahoratiga ishonmaydi, yoki professional reportyor emas.  Barcha televizion reportyorlar tanilishni, mashhur bo`lishni xohlashadi va bu me`yoriy holat. Meni telejurnalistikada aynan shu narsa o`ziga tortadi. Agar sen tayyorlagan materialni televidenieda ko`rsatishsa va do`stlaring “biz seni televizorda ko`rdik” desa, bu juda yoqimli eshitiladi.

 

- Reportajlaringizda asosiy mavzu nima? 

Televidenieda 16 yildan buyon ishlayotgan bo`lsam, men juda ko`p mavzularda materiallar tayyorladim. Meni bu borada boshqa televizion reportyorlar kabi universal reportyor desa bo`ladi.O`zimning pravoslav cherkovi haqidagi materialimni ilk reportajim desam bo`ladi. Shundan keyin bu mavzuda ko`p lavhalar tayyorladim. Shuningdek ekstremal syujetlar ham ko`p bo`lgan. Masalan, Krasnodar o`lkasidagi suv toshqini (300 kishi cho`kib ketgandi), Taygadagi yong`inlar haqida, tulundagi suv toshqini oqibatlarini tugatish, turli avariyalar, uylarning portlashi kabi va boshqa mavzular. Faqat aytishim kerakki, men urushlarni, qurolni yomon ko`raman. Uning o`rniga harbiy harakatlar haqida material tayyorlashga borishim mumkin. bu urushdan qo`rqqanim uchun emas, shunchaki tinch va behavotir hayotni yoqtirganim uchun.

- O`zbekistonga va hozirda o`zingiz bilan birga ishlayotgan jurnalistlarga qanday tilaklaringiz bor? 

- Yuqorida aytib o`tganimdek men Rossiyada yashaganimda har doim O`zbekistonda tug`ilganimni aytishdan charchamaganman. Har doim O`zbekistonning mehmondo`stligi, o`ziga xosligini targ`ibot qilib kelganman. Bu erda odamlarga boshqacha qarashadi. O`zbekistonga kelgan tanishlarim va do`stlarim ham bu erdan befarq bo`lib ketishmagan. Barcha bu erdan ko`plab tassurotlar va hayratdan chaqnagan ko`zlar bilan ketadi. shuning uchun O`zbekistonga shu ketishda rivojlanishdan to`xtamaslikni tilayman, o`zim esa telejurnalistikani rivojantirishga qandaydir hissa qo`shayotganimdan xursandman. Albatta men bu yo`nalishda juda kichik yangilik o`rgatayotganimni tushunaman, ammo shuni istardimki men tug`ilgan va unib-o`sgan O`zbekiston va hozir yashayotgan yurtim Rossiya o`rtasida doim do`stona va mustahkam aloqalar davom etsin. Va O`zbekiston rossiyaliklar nazdida faqat palov va migrantlari bilan emas, ishlab foyda topsa bo`ladigan, mazmunli hordiq chiqaradigan, ko`rishga arzigulik maskanlari bo`lgan jadal rivojlanayotgan mamlakat sifatida taassurot qoldirsin. 

 

Suriya MAGDEEVA suhbatlashdi

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar