AsosiyJamiyat

Yurtimizda 1-sinfga elektron shaklda ro`yxatdan o`tish yakunlanishiga 6 kun qoldi. Ota-onalar bilishi kerak bo`lgan muhim ma`lumotlar bilan tanishing

'Yurtimizda 1-sinfga elektron shaklda ro`yxatdan o`tish yakunlanishiga 6 kun qoldi. Ota-onalar bilishi kerak bo`lgan muhim ma`lumotlar bilan tanishing'ning rasmi

O`zbekistonda bu yil 650 ming nafarga yaqin bolajonlar maktab ostonasiga qadam qo`yadi. 1 sinfga qabul qilish jarayonlari va bu yilgi o`zgarishlar haqida Xalq ta`limi vazirligi axborot xizmati rahbari Laylo RUSTAMOVA ma`lumot berdi.

BU YIL IKKI BOSQIChLI QABUL AMALGA OShIRILMOQDA

— 15 iyundan boshlab, respublika umumta`lim maktablarida 1 sinfga qabul jarayoni boshlangandi. Toshkent shahri, Qoraqalpog`iston Respublikasi va viloyatlarning markazidagi umumta`lim maktablarida 1 sinfga qabul jarayonlari tajriba-sinov tariqasida elektron shaklda amalga oshiriladi. Jarayon 2 bosqichda bo`lmoqda: 

  • Birinchi bosqichda ota-onalar 2021 yilning 15 iyunidan 5 iyuliga qadar my.maktab.uz elektron platformasi orqali ro`yxatdan o`tib, farzandlari 1-sinfga chiqadigan maktablarni tanlaydilar. Bunda ota-onalarga 3 ta maktabni tanlash imkoniyati beriladi. Birinchi maktab– ota-ona doimiy istiqomat qilayotgan hududdagi maktab, ya`ni yashash manzili biriktirilgan mikrohududdagi maktab. Ikkinchi va uchinchi maktablar – ota-onalarning ixtiyoriy tanlovi asosida farzandlarini qatnashi uchun qulay bo`lgan maktablardir. 
  • Ikkinchi bosqichda 2021 yilning 6 iyulidan to 31 iyuliga qadar ota-onalar elektron platforma orqali o`zlari tanlagan birinchi maktabga, ya`ni biriktirilgan mikrohududdagi maktabga farzandlarining hujjatlarini topshiradilar. Bunda hujjatlarni topshirish to`liq elektron shaklda amalga oshiriladi. Ota-onalarning doimiy yashash manzili bo`yicha biriktirilgan mikrohududdagi maktabga joylashishlari har tomonlama kafolatlanadi.

Agar ota-onalar mikrohudduddagi maktabni emas, boshqa bir maktabni tanlagan bo`lsa, ya`ni elektron ro`yxatdan o`tish vaqtida tanlagan ikkinchi yoki uchinchi maktablarning birida bo`sh o`rinlar bo`lgan taqdirda 1-15 avgust kunlari hujjatlarini topshirishlari mumkin bo`ladi. 

Qolgan hududlar (Qoraqalpog`iston Respublikasi va viloyatlarning boshqa tuman (shahar)lari) umumta`lim maktablarida 1 sinfga qabul an`anaviy shaklda, ya`ni bevosita maktablarning o`zida amalga oshiriladi. Ota-onalar qabul an`anaviy shaklda amalga oshiriladigan hududlarda, bevosita 2021 yilning 15 iyunidan – 15 iyuliga qadar doimiy yashash manzili bo`yicha biriktirilgan mikrohududdagi maktabga farzandini 1 sinfga joylashtirish uchun hujjat topshirishlari mumkin. 

Shuningdek, 16 iyuldan – 15 avgustga qadar ota-onalarga ixtiyoriy tanlov asosida boshqa maktablarga, ya`ni mikrohududiga kirmasa ham bo`sh o`rinlar bo`lsa, farzandlarini 1 sinfga qabul qilish uchun boshqa maktabga hujjatlarini topshirish imkoniyati beriladi.

Mazkur qonun talablari boshqa vazirlik va idoralar tasarrufidagi, mulkchilik shaklidan qat`i nazar, ya`ni nodavlat xususiy barcha ta`lim muassasalari uchun ham majburiydir. Umumta`lim maktablariga biriktiriladigan mikrohududlar mahallalarning joylashuvi va aholining demografik o`sishini inobatga olgan holda tuman (shahar) hokimliklarining qarori asosida belgilanadi. 

Hududlarda yangi uy-joylarning qurilishi yoki ma`muriy-hududiy chegaralarning o`zgarishi sababli tuman (shahar) hokimliklarining qarori bilan umumta`lim maktablariga biriktirilgan mikrohududlar qayta o`zgartirilishi mumkin.

IXTISOSLAShGAN MATABNING HAM O`Z TALABI BOR 

— 2021–2022 o`quv yilida xalq ta`limi tasarrufidagi ixtisoslashgan davlat umumta`lim muassasalariga qabul joriy yilning 10 iyunidan boshlab, 10 iyuliga qadar davom etadi. Ota-onalarga qulaylik yaratish hamda qabul jarayonlari shaffofligini ta`minlash maqsadida hujjatlar to`liq elektron shaklda qabul qilinadi. Buning uchun ota-onalar 10 iyundan boshlab my.maktab.uz sayti orqali ixtisoslashtirilgan ta`lim muassasalariga hujjatlarni elektron shaklda topshirishlari mumkin.

MA`LUMOT UChUN, ixtisoslashgan davlat umumta`lim maktablariga 5 sinfdan, ixtisoslashtirilgan maktab-internatlariga qabul 7 sinfdan amalga oshiriladi. Saralash tanlovlari davlat test markazi tomonidan joriy yilning 12–30 iyul kunlari o`tkaziladi.

Abdukarim ZARIPOV tayyorladi

"Darakchi" gazetasi 24 (1151) 17 iyun 2021 y

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar