1

Nafas bilan bog`liq kasalliklar kimda ko`proq uchraydi?

Salomatlik 17.07.2021, 16:07
Teglar: nafas
Nafas bilan bog`liq kasalliklar kimda ko`proq uchraydi?

Pandemiya shuni ko`rsatmoqdaki, nafas organlari kasallikka moyil kishilar o`z sog`liklariga jiddiy e`tibor qaratishlari kerak bo`lmoqda. Shunday bemorlar uning profilaktikasi, tashxisi va ushbu kasallikdan samarali davolanish uchun nimalarga e`tibor berishlari kerak?  

 

Shu kabi savollarga Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktor o`rinbosari Nodir Sotvoldiev  javob berdi:

 Nafas olish tizimi bilan bog`liq kasalliklar unchalik xavfli ko`rinmasa-da, aslida o`lim xavfi juda yuqori kasalliklar guruhiga kiradi... Aslida xavfsiz kasallikning o`zi yo`q. Hozirgi paytda aholi orasida uchraydigan nafas a`zolari kasalliklarining asosiy  qismini bronxial astma, surunkali obstruktiv o`pka kasalligi va pnevmoniya tashkil kiladi.  Masalan, dunyo statistikasi buyicha bronxial astma kasalligi aholi orasida o`rtacha 5 foiz hollarda uchraydi, bu ko`rsatgich bolalar orasida yanada ko`proq uchrab, o`rtacha 10 foizni tashkil qiladi. Surunkali obstruktiv o`pka kasalligi dunyo bo`yicha kasallanish va o`lim ko`rsatkichlarining asosiy sabablaridan biriga aylanib bormokda.  Bu o`z o`rnida  iqtisodiy va ijtimoiy muoammolarni yuzaga keltiradi. Infeksion kasalliklar orasida o`lim sabablari ko`rsatkichi bo`yicha pnevmoniya birinchi o`rinni va umumiy o`lim ko`rsatkichi sabablari bo`yicha oltinchi o`rinni egallaydi. O`zbekiston keskin kontinental iqlim mintaqasiga kiradi. Ayniqsa, Orol fojiasi, so`nggi yillardagi iqlimiy o`zgarishlar mintaqa aholisining nafas olish organlari kasallanishlari darajasini oshirib yubordi...
 To`g`ri, yurtimizda aholi orasida kasallanishlar ko`rsatkichi bo`yicha nafas a`zolari kasalliklari yuqori o`rinlardan birini egallaydi. Nafas a`zolari kasalliklari o`lim sababi ko`rsatkichi buyicha beshinchi o`rinni,  bolalar orasida esa ikkinchi o`rinni egallaydi.  
Nafas a`zolari kasalliklari orasida katta muammolarga sabab bo`luvchi yana bir nechta kasalliklar bor. Bularga o`pkaning interstisial kasalliklari, mukovissidoz, nafas etishmovchiligi,  uyqu apnoe sindromi,  o`pka sili va yukori nafas a`zolari kasalliklari kiradi.

 

Yurtdoshlarimizni eng ko`p qiynaydigan nafas olish bilan bog`liq kasallik —bronxial astma bo`lsa kerak. Bu kasallikka chalinmaslik va undan samarali davolanish uchun nimalarga e`tibor berish kerak?

 

 Bronxial astma, tibbiyot tili bilan aytganda, giperreaktivlik bilan namoyon bo`luvchi nafas a`zolarining surunkali yallig`lanishidir. Bu surunkali yallig`lanish jarayonida, asosan, semiz hujayralar, eozinofillar va T-limfositlar ishtirok etadi. Bronxial astma quruk yo`tal, nafas qisish xurujlari, hansirash,  ko`krakda og`irlik hissining paydo bo`lishi kabi simptomlar bilan namoyon bo`ladi, bu holatlar, asosan, tunda yoki ertalab saharda kuzatiladi. Bu  holatlar ko`pincha dori ta`sirida orqaga qaytishi mumkin. Bu kasallikni  quyidagi omillar keltirib chiqaradi: -Genetik moyillik,
-atopiya, nafas yo`llari giperreaktivligi;
-tashqi va uy allergenlari (chang, uy changlari, o`simliklar changlari, uy hayvonlari juni), 
-chekish, respirator infeksiyalar, parazitar invaziya  va ayrim oziq-ovqat va dori vositalari. 
Bronxial astmaning qanday  kechishi uning o`z vaqtida aniqlanishiga bog`liq. Agar kasallik o`z vaqtida aniqlanib, bemor shifokor ko`rsatmalariga to`g`ri amal qilsa, ya`ni asosiy davolash jarayonlariga e`tiborli bo`lsa, kasallikni to`liq nazorat qilish mumkin. Bu esa bemor hayot tarzini yaxshilaydi va  kasallik alomatlarining uzoq muddatga zaiflashuviga sabab bo`ladi...

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1