Avvalroq, Toshkent viloyatidagi bog`chada 25 nafar bola ovqatdan zaxarlangani haqida xabar bergan edik.
Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining o`rinbosari, “Milliy tiklanish" DP MK raisi Alisher Qodirov mazkur holatga o`z munosabatini berdi.
"Ta`lim-tarbiya kelajak shakllanadigan soha. Bu erda kelajakni shakllantiradigan fidoyilar ishlaydi va ular qahramonlardir.
Shu bilan birga sohada kelajakka xiyonatchilar ham aralashib yuribdi. Bolani sog`lom, tarbiyali va bilimli bo`lishini tashkil qilishdek mas`uliyat yuklangan inson bolalarni ozuqasini o`g`irlasa, sifatlisini “vijdonsizlarcha” o`zi eb, bolalarga qoldiqlarini yoki eskiroqlarini edirib yuborsa. Bilim o`rniga bolalar tafakkuriga “xatolar paketi” yoki “bo`shliq”ni joylasa. Pulini olib, qulab tushadigan ko`prikni loyihalaydigan muhandisga “a`lo”ni bosib bersa... bu toifa inson bu qadar mas`uliyatli joyda nima qilib yuribdi, degan savol tug`ilishidek tabiiy nima bor?
Men Jinoyat kodeksiga “Kelajakka xiyonat” bobini kiritishni va ushbu bobda bolalar bog`chasi, maktab va oliygohlarda vazifasiga xiyonat qilayotganlar, bolalarimizni xaqqi va vaqtini o`g`rilayotganlarga nisbatan choralar belgilanishini taklif qilaman.
Takror aytaman, bu sohada qahramonlar ishlashi kerak. Va ularning maoshlari ham, mehnat sharoitlari ham eng yuqori darajada bo`lishi shart",–dedi Qodirov.