Farg`ona tumanida 1000 ta oilaning bandligini ta`minlaydigan 300 gektarlik malina plantasiyasi barpo etiladi.
Bu haqda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, Farg`ona tumanining malina etishtirish keng ommalashgan hududlaridan biri bo`lgan “Dilkusho” mahallasiga qilgan tashrifida ma`lum qildi.
Dastlab aholi xonadonlarida malina etishtirish jarayonlarini ko`zdan kechirgan viloyat rahbari, so`ngra malinazorlar tashkil etilgan dehqon xo`jaliklarini ham borib ko`rdi.
Ma`lum bo`lishicha, “Dilkusho” mahallasida yashovchi aholi tomorqalari malina hamda uzumchilikka ixtisoslashgan bo`lib, oila byudjeti uchun sezilarli daromad manbasiga aylangan. Xonadonlarda malinada ikki marta hosil yig`ib olinadi. Viloyat hokimi tashrif buyurgan xonadonlardan biri – Ilhomjon Yo`ldoshev hovlisida 10 sotix erda uzumzor barpo etilgan bo`lib, ostiga malina ekilgan. Xonadon sohibi, o`tgan yili uzumdan 40 million so`m, malinadan 20 million so`m daromad olganini aytib, bu yil undan ham kattaroq daromadni ko`zlab turganini qayd etgan.
Viloyat hokimi “Dilkusho” mahallasiga tutash hududdagi sug`orish muammosi bo`lgan, samarasiz er maydonlarini borib ko`zdan kechirgan. Hudud iqlimining malina etishtirishga mosligini hisobga olgan holda, bu erdagi bo`sh maydonlardan 300 gektarida malina plantasiyasi barpo etish, buning uchun maydonlarni toshlardan tozalash, tabiiy o`g`itlar bilan oziqlantirish, tik quduqlar qazish va nasoslar o`rnatish bo`yicha topshiriq bergan.
Tashkil etiladigan malina plantasiyasi 30 sotixdan 1000 ta oilaga bo`lib berilishi va kooperasiya shaklida faoliyat yuritishi belgilab berilgan. Shuningdek, hududda dastlabki bosqichda muzlatkichli meva saqlash ombori insho etish bo`yicha tashabbuskor sarmoyador aniqlanib, etishtirilgan hosilni yig`ib, eksportga yo`naltirish choralari ko`riladi.
Ikkinchi bosqichda malinani qayta ishlash korxonasi tashkil etilishi rejalashtirilgan.