Milliy gvardiya qo`mondoni, general-mayor R.Djuraev Tokio-2020 yozgi Olimpiya o`yinlarida O`zbekiston milliy terma jamoasi tarkibida ishtirok etgan Milliy gvardiya sportchilari bilan uchrashdi.
Tadbirda Toshkent shahar hokimligi, Milliy Olimpiya qo`mitasi, O`zbekiston qo`l jangi federasiyasi hamda Milliy gvardiya tarkibiy va hududiy bo`linmalari mutasaddilari, Tokio olimpiadasida ishtirok etgan 7 nafar sportchi-harbiy xizmatchilar, ularning ota-onalari va murabbiylari ishtirok etgan.
Milliy gvardiya qo`mondoni kirish so`zida davlat rahbarining olimpiada o`yinlari ishtirokchilarini taqdirlash marosimida "Albatta, jahonning eng yirik sport musobaqasi bo`lmish Olimpiya o`yinlarida ishtirok etishning o`zi katta sharaf va mas`uliyat. Buni barchamiz yaxshi tushunamiz. Buning uchun qancha og`ir dovonlardan, mashaqqatli sinovlardan o`tish talab etiladi”, degan so`zlarini yodga olgan.
Shuningdek, Milliy gvardiya tizimidan mazkur musobaqalarda ishtirok etgan yetti nafar mustaqillik yillarida tug`ilib voyaga yetgan bokschi hamda yunon-rum kurashchilari, o`z iqtidori, salohiyati bilan millionlab qalblarni zabt etgani hamda boks bo`yicha eng og`ir vaznda ishtirok etgan harbiy xizmatchi Baxodir Jalolov dunyoning nomdor sportchilari bilan bellashib, olimpiadaning oltin medalini qo`lga kiritgan holda O`zbekiston bayrog`ini baland ko`tarilishiga va madhiyamiz yangrashiga munosib hissa qo`shgani alohida ta`kidlab o`tilgan.
Shundan so`ng Milliy gvardiya qo`mondonining Olimpiada ishtirokchilari va ularning murabbiylarini rag`batlantirish to`g`risidagi buyrug`i o`qib eshittirilgan.
Unga ko`ra Olimpiadada ishtirok etgan yetti nafar harbiy xizmatchilarga O`zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi sha`nini munosib himoya qilib harbiy xizmatchi va xodimlar orasida shaxsiy namuna ko`rsatganliklari hamda Olimpiya sport turlarini ommalashishiga qo`shgan hissalari uchun Alvon beret kiyish huquqi berilgan.