AsosiyErkin minbar

Xalqni "mashinamaniya"dan qutqaring. Yohud 6 kishilik tamaddiga 5 ta mashinada kelish shartmi?

'Xalqni "mashinamaniya"dan qutqaring. Yohud 6 kishilik tamaddiga 5 ta mashinada kelish shartmi?'ning rasmi

Ba`zi bir kelishuvlar sabab 6 kishi kechki ovqatga yig`iladigan bo`ldik. Yarim yo`lda avtobus, qolganiga taksida belgilangan kafega etib bordim. To`rtinchi bo`lib kelibman. Hammasi qolgan ikki kishi kech qolib kelganidan boshlandi. Nimamish – o`zi vaqtida etib kelishgan, lekin mashina qo`yishga "stoyanka" topolmay vaqt yo`qotishganmish. 

                                          ENG “DOLZARB” MAVZU

Sen mashinangni qaerga qo`yding, deya so`ray ketishdi o`tirganlar ham bir-biridan. Xullas, ketdi shu mavzu – kimning qanday mashinasi borligi, qachon undan zo`riga almashtirmoqchi ekani, YHX xodimini qanday "mot"qilgani, yo`ldagi tartibsizliklar, kimdan qanday o`zib ketgani, stoyankalar yo`qligi va hk. Men esa boshqa bir qiziq statistika yuritayotgan edim. Yig`ilganlarning uch nafari bir joyda ishlaydi, ikki nafari qo`shni va ular shu kafe yaqinida yashaydi. Xullas, menga o`xshab avtobusda kelmasa-da, bir-birining mashinasida yoki umuman uyidan biroz piyoda yurib kelishi mumkin edi. Eng qizig`i, hammamiz bu erda stoyanka bilan bog`liq muammo bo`lishini bilar edik.

                                         MAShINA HAM OBRO`MI?

Kechki ovqat bo`lsa, hammaning o`z tashvishi bor, qolaversa, ovqatlanib bo`lib hamma o`z uyiga tarqaladi, shunga o`z mashinasida kelishgan-da, deyishingiz ham mumkin. Bu ham to`g`ri. Lekin aynan bizning vaziyatda unday emasdi. Kechki ovqatdan chiqib, kimdir yana ishga qaytishiga to`g`ri kelardi, kafe yaqinida yashaydigan do`stimiz esa o`z uyi yaqiniga qo`yib, piyoda chiqib kelsa ham bo`lardi. Buning ustiga uning qo`shnisi ham mashinasida kelgan. Tan olaylik, biz “probka”da qolsak ham, kerak bo`lsa-bo`lmasa mashinamiz bormi, uni haydashimiz shart, bo`lmasa uni nega oldik, mashinang bo`lsa – bu obro`ku deydigan xalqmiz. 

                                       ULOVDA KELISh ShART!

Biz mo`ljallagan kelishuv amalga oshmadi. Cheklangan vaqtdagi suhbatimiz "O`zavtosanoat"ning 5-6 tagina rusumli avtomashinalari haqidagi g`iybatlar bilan kifoyalandi. Yaxshiyam ko`p mashinali davlatda yashamaymiz. Unda aqldan ozarkanmiz. Xafsalam pir bo`lib ko`chaga chiqdim. Qarasam, boshqa stoldan turganlar ham o`zaro xayrlashib, har biri o`z mashinasiga chiqib ketishyapti. Ba`zilar gazni qattiq bosib, "chiyillatib" kiborlanyapti. Ha, baraka topkurlar! O`zi kafe 120-150 kishilik bo`lsa, hammangiz mashinada kelsangiz, har biringizning ulovingizga qaerdan topilsin buncha “stoyanka”? Katta ehtimol bilan qolganlar ham o`zaro kelishib, ixchamlashib bitta mashinaga o`tirib kelaverishsa bo`lardi. Yo`q, biz o`z mashinamizda kelishimiz shart!

                                    ShUNChAKI EHTIYoJ VOSITASI

Afsus, avtomobillar muammosi doim muhokama markazida. Qancha muhim mavzular qolib ketmoqda. Qachon mashinali “to`kis” bo`lish vasvasasidan qutulib, undan faqat zarur hollardagina foydalanishni o`rganmiz, uning oddiy bir ehtiyoj vositasi ekanligini anglaymiz?! 

Shu xayollar bilan uyimga piyoda etib kelib qo`yibman. Uyim yonida esa anchadan beri foydalanilmayotgan mashinam turardi. Mashinangiz bor ekan, nega haydamaysiz, degan savol bo`lishi tabiiy. Men mashinaga g`o`ddayib o`tiradigan bezak, obro` vositasi emas, changyutgich, choy qaynatgich yoki bo`lmasam soch quritgich kabi faqat zarur hollardagina foydalaniladigan texnika sifatida qarayman. Bundan tashqari mashina ham bir ro`zg`or. Unga alohida parvarish – xarajat kerak. Biz qoidalarga unchalik amal qilavermaydigan xalqmiz, har oyiga hech bo`lmaganda bitta jarima kelib turadi. Qolaversa, mashina ruliga o`tirarkanman, ko`chadagi mashinali to`kislar, “ko`chani sotib olganlar”, burilish chiroqlarini yoqmaydiganlar, orqadan besabab signal chalaveradiganlar, hovliqib haydaydiganlar, yo`l harakati xavfsizligiga amal qilmaydiganlar ko`z oldimdan bir-bir o`tadi va sekingina mashinadan tushib, avtobus bekatiga chiqaman – shunisi qulay. Siz mushtariylardan esa “mashinamaniya” vasvasasidan uzoq bo`lishingizni so`rab qolaman.

                                                                                                                              Sardorbek RAHMONQULOV

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar