Bugungi kunda planetamizda 7 milliard 954 million kishini tashkil etadigan, 7000 til va lahjada muloqot qiladigan aholi istiqomat qilmoqda. Dunyoning etnik xaritasiga nazar solsak, er yuzida miqdoran bir necha yuztadan tortib bir necha yuz millionni tashkil etadigan 2000 ga yaqin har xil millat va elatlar mavjudligiga guvoh bo`lamiz. Shunday ekan, millatlararo bag`rikenglik, ular orasida o`zaro hurmat va do`stona aloqalarni o`rnatish dunyodagi barqarorlik, osoyishtalikni ta`minlashning asosiy usuli bo`lib qolaveradi.
Din milliy ma`naviyatning tarkibiy qismi, millatni birlashtirib turuvchi muhim omillardan biri hisoblanadi. Bir tilda gaplashadigan, umumiy tarix va yagona davlatga ega bo`lgan, ammo turli dinlarga yoki diniy yo`nalishlarga e`tiqod qiladigan millatlar hamon ichki milliy birlikni ta`minlay olmayotgani, kichkina bir sabab qayta-qayta nizoli vaziyatlar va fuqarolar urushi keltirib chiqaratayotgani ham fikrimizning isboti bo`la oladi. Masalan, Livan aholisining 90 foizdan ortig`ini arablar tashkil etadi. Ularning bir qismi islomga (sunniy, shia, druz), qolgan qismi xristianlikka (maroniy, pravoslav, katolik) e`tiqod qilishi natijasida milliy birlikni ta`minlash qiyin kechayotgani, turli millat va din vakillari istiqomat qilib kelgan Yugoslaviyaning Serbiya, Sloveniya, Xorvatiya, Makedoniya, Chernogoriya, Bosniya va Gersegovina kabi davlatlarga parchalanib ketgani ham etnokonfessional ziddiyatlar qanday og`ir oqibatlarga olib kelishi mumkinligining hayotiy-amaliy isbotidir.
Hech birimizga sir emaski, keyingi yillarda ayrim siyosiy kuchlar tomonidan milllatlaro kelishmovchiliklarni keltirib chiqarish, ular orasida adovat uyg`otish orqali davlatlarni bo`lib tashlash, beqarorlikni keltirib chiqarish holatlari uchramoqda. Ushbu kelishmovchiliklarni yuzaga keltirishda, din omilidan foydalanilayotgani yanada ayanchli oqibatlarga olib kelmoqda.
Boisi, har bir dinning o`ziga xos aqidalari mavjud. Ular ba`zan bir-biriga mutanosib bo`lsa, ba`zan bir-biriga zid kelishi ham mumkin. Dindan qurol sifatida foydalanish esa dinlardagi umuminsoniy g`oyalarni ham yo`qqa chiqarib, ular o`rtasida keskin ziddiyatni keng ildiz otishiga sabab bo`ladi. Diniy bag`rikenglik esa ana shu xilma-xillik asosida kelib chiqishi mumkin bo`lgan nizolarning oldini oladi, turli e`tiqodlarning yonma-yon va bir paytda mavjud bo`la olishi uchun xizmat qiladi va bu yo`lda butun insoniyatni birlashtiradi.
Kishilarda vijdon erkinligi bilan bog`liq bilimlarning shakllanishi va rivojlanishi uchun zarur sharoitlarning yaratilishi davlat tomonidan jamiyatda diniy bag`rikenglik muhiti ustuvor bo`lishini ta`minlashning zaruriy sharti hisoblanadi. Shu bilan birga, e`tiqodiy asosdagi dushmanlik va adovat uyg`otadigan, his–tuyg`ularni haqoratlaydigan harakatlar, hodisalarning oldini olishga qaratilgan real mexanizmlarning yaratilgani ham diniy bag`rikenglik barqarorligini ta`minlashga xizmat qiladi.
Diniy bag`rikenglikning ustuvorligiga erishishda diniy tashkilotlarning mavjud huquqiy hujjatlar talablari doirasida faoliyat olib borishining ham o`ziga xos o`rni bor. Xususan, O`zbekistonda yashirin diniy ta`lim faoliyatga yo`l qo`yilmasligi turli ko`rinishlardagi mutaassiblik va ekstremizmning oldini olishga, konfessiyalar o`rtasida o`zaro murosa va hurmat, tinch-totuvlikni ta`minlashga xizmat qiladi. Shuningdek, dindan davlatga va Konstitusiyaga qarshi targ`ibot olib borishda, jamiyatning ma`naviy–axloqiy negizlarini izdan chiqarishga qaratilgan, shaxsning sha`ni va qadr–qimmatini kamsituvchi va boshqa shunga o`xshash xatti–harakatlar yo`lida foydalanishga yo`l qo`ymaslik ham nihoyatda muhim hisoblanadi.
Boshqa e`tiqod shakllariga nisbatan noxolislik, past nazar bilan qarash, ularning sohiblariga salbiy munosabat tarixning hamma davrlarida ko`plab fojialarni keltirib chiqarganini inobatga oladigan bo`lsak, bunday bilimlarning hayotiy–amaliy ahamiyatga egaligini anglash mumkin.
Bag`rikenglik an`analari qanchalik qadimiy ildizlarga ega bo`lsa, toqatsizlik va murosasizlik bilan bog`liq qarashlar va harakatlarning ildizlari ham shunchalik qadimiydir.
O`zbekistoning milliy-madaniy rang-barangligi milliy o`zlikni anglashning o`sishi va ma`naviy jixatdan qayta uyg`onish bilan chambarchas bog`liq bo`lib, jamiyatning yangilanishi, undagi ochiqlikning qudratli omili bo`lib xizmat qiladi.
Ko`pmillatli mamlakat siyosatining asosiy maqsadi millatlararo totuvlik va diniy bag`rikenglikni shakllantirish bo`lishi zarur. O`zbekistonda shakllanib ulgurgan bunday milliy bag`rikenglikdan keng dunyo jamoatchiligi o`rnak olishga intilayotgani ham bejiz emas.
Yurtimizda yashovchi turli millat vakillarining madaniy ehtiyojlarini qondirish uchun milliy madaniy markazlari faoliyat yuritadi. Dastlabki milliy madaniy markazlar koreyslar, qozoqlar, yahudiylar, armanlar tomonidan respublika viloyatlarida 1989 yilda tashkil etilgan. Bu markazlarning chinakam rivojlanishi va ravnaq topishi O`zbekiston mustaqillikka erishgandan keyin boshlandi. Bu davrda ularning samarali faoliyat ko`rsatishi uchun keng imkoniyatlar yaratildi. Natijada, bu kabi markazlarning soni yil sayin ortib bordi. Agar 1992 yilda 10 ta milliy madaniy markaz ish olib borgan bo`lsa, 1995 yilda ularning soni 72 taga, 2003 yilda 135 taga etdi. Hozirga kelib esa, mamlakatda 147 ta milliy madaniy markazlar faoliyat yuritmoqda.
O`zbekiston Respublikasida yashovchi turli millat vakillarini respublika ijtimoiy, ma`naviy‑ma`rifiy hayotida faol ishtirok etishini ta`minlash milliy madaniy markazlar faoliyatining muhim yo`nalishlaridan biridir. Shuningdek, xorijiy mamlakatlardagi turdosh tashkilotlar hamda tarixiy vatanlari bilan do`stlik, hamkorlik, madaniy‑ma`rifiy aloqalar o`rnatish va hamdo`stlik aloqalarini rivojlantirish, Respublika baynalmilal madaniyat markazi, turli davlat va jamoat tashkilotlari hamda ijodiy uyushmalar bilan hamkorlikda mamlakatda fuqarolar hamjihatligi va millatlararo totuvlikni mustahkamlashga ko`maklashish markazning asosiy vazifalaridir.
Millatlararo totuvlik, o`zaro do`stlik rishtalarini yanada mustahkamlash haqida 2020 yil 29 dekabr kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlisga yo`llagan murojaatida ham ta`kidlandi. Murojaatnomada 30 iyul – Xalqaro do`stlik kuni munosabati bilan «Do`stlik haftaligi»ni tashkil etish hamda ushbu haftalik doirasida «Do`stlik» xalqaro forum-festivalini o`tkazish taklifi ilgari surildi. Shuningdek, «Xalqlar do`stligi» ko`krak nishonini ta`sis etish haqidagi tashabbus ham qo`llab-quvvatlandi. Shu yilning o`zidayoq «Xalqlar do`stligi kunini belgilash to`g`risida»gi Qonun kuchga kirdi.
«Xalqlar do`stligi kuni»ni nishonlashdan asosiy maqsad insonlar, xalqlar, davlatlar – umuman olganda jamiyatning turli qatlamlari hamda tuzilmalari o`rtasida hamjihatlik, bag`rikenglik, millatlararo totuvlikni mustahkamlash va do`stlik aloqalarini yanada rivojlantirishdan iborat.
Xulosa qilib aytganda, yurtimizda millatlararo va davlatlararo totuvlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan yangi g`oya va tashabbuslarning paydo bo`layotganligi do`stlik va hamjihatlik qo`rg`onining yanada mustahkam bo`lishiga xizmat qiladi. Davlatimiz rahbari e`tirof etganidek, «O`zbekistonning boyliklari ko`p, lekin bizning eng katta boyligimiz, eng yuksak qadriyatimiz – jamiyatimizda hukm surayotgan tinchlik, millatlararo do`stlik va hamjihatlikdir».
Risolat MAXSIMOVA tayyorladi