AsosiyJamiyat

Toshkent viloyati va Toshkent shahri chegaralari o`zgartirildi

'Toshkent viloyati va Toshkent shahri chegaralari o`zgartirildi'ning rasmi

Oliy Majlis Senatining o`n sakkizinchi yalpi majlisida Toshkent viloyatining Zangiota, Yuqori Chirchiq, O`rta Chirchiq va Qibray tumanlari hamda Toshkent shahrining Sergeli, Bektemir, Mirzo Ulug`bek va Yashnobod tumanlarining, shuningdek Toshkent viloyati va Toshkent shahri chegaralarini o`zgartirish to`g`risidagi masala ko`rib chiqildi.

Yalpi majlisda muhokama qilingan ushbu masala Senat qarori bilan Toshkent viloyatidan 7 853,3 gektar er maydoni Toshkent shahriga, Toshkent shahridan 171,3 gektar er maydoni Toshkent viloyati hududiga o`tkazilishi belgilanmoqda.

Jumladan, Toshkent viloyatining Zangiota tumanidan 1 827,1 gektar (shundan, 424,2 gektar qishloq xo`jaligi erlari) er maydoni Toshkent shahrining Sergeli tumani tarkibiga, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanidan 490,0 gektar (shundan, 154,2 gektar qishloq xo`jaligi erlari) er maydoni Toshkent shahrining Bektemir tumani tarkibiga, Toshkent viloyatining O`rta Chirchiq tumanidan 1 134,2 gektar (shundan, 578,2 gektar qishloq xo`jaligi erlari) er maydoni Toshkent shahrining Bektemir tumani tarkibiga, Toshkent viloyatining Qibray tumanidan 2 294,6 gektar (shundan,
1 090,9 gektar qishloq xo`jaligi erlari) er maydoni Toshkent shahrining Mirzo Ulug`bek tumani tarkibiga, Toshkent viloyatining Qibray tumanidan 2 107,4 gektar (shundan, 1 002,6 gektar qishloq xo`jaligi erlari) er maydoni Toshkent shahrining Yashnobod tumani tarkibiga, Toshkent shahrining Sergeli tumanidan 33,8 gektar er maydoni Toshkent viloyatining Zangiota tumani tarkibiga, Toshkent shahrining Bektemir tumanidan 137,5 gektar er maydoni Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani tarkibiga o`tkazilmoqda.

Bundan tashqari, Toshkent shahri tarkibiga o`tkazilayotgan qishloq xo`jaligiga mo`ljallangan (sug`oriladigan) erlarni boshqa maqsadlar uchun ajratish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Toshkent shahriga o`tkazilayotgan Toshkent viloyatining tegishli hududlaridagi saylov okruglaridan saylangan xalq deputatlari tegishlicha Toshkent shahri xalq deputatlari hisoblanishi belgilanmoqda.

Toshkent viloyatidan Toshkent shahriga o`tayotgan hududlarda 42 ta MFY mavjud bo`lib, bugungi kunda ushbu hududlarda 95 872 nafar aholi (23 249 ta oila, 29 010 ta xonadon mavjud) istiqomat qiladi. Ushbu hududlarda 15 ta (2025 o`rinli) maktabgacha ta`lim tashkiloti, 16 ta (8756 o`rinli) umumta`lim maktablari va 6 ta oilaviy poliklinika mavjud.

Shu bilan birga, 1 421 ta kichik tadbirkorlik sub`ekti sanoat, xizmat ko`rsatish va servis sohalarida faoliyat yuritmoqda. Ta`kidlash joizki, Toshkent viloyati hududidan Toshkent shahriga er maydonlari o`tkazilishi natijasida aholi turmush sharoiti yanada yaxshilanib, ishlab chiqarish
va xizmat ko`rsatish sohalarini kengaytirish, xorijiy investisiyalarni keng jalb etish, shahar eksport salohiyatini oshirish, muhandislik-kommunikasiya va yo`l infratuzilmasi ob`ektlarini yanada yaxshilashga olib keladi.

Shu bilan birga, Toshkent viloyatidan Toshkent shahriga o`tkazilgan hududlarni muhandislik-kommunikasiya va yo`l infratuzilmasini yaxshilash, ijtimoiy soha ob`ektlarini barpo etish bo`yicha Hukumatning alohida qarori qabul qilinishi belgilanmoqda.

Hukumat qarori bilan Toshkent viloyati va shahrining bir-biriga o`tkazilayotgan hududlarida yashovchi aholi xatlovdan o`tkazish orqali yangi manzil bo`yicha qayta ro`yxatga olinadi. Viloyat va shahar mahalliy byudjetining hamda  ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning prognoz parametrlari qayta ko`rib chiqilib, tegishli o`zgartirishlar kiritiladi. Aholi va yuridik shaxslarning ko`chmas mulklari kadastr hujjatlariga o`zgartirish kiritiladi. Aholi va yuridik shaxslarning avtotransport vositalarini ro`yxatdan o`tkazish davlat raqamlarini o`zgartirish
va guvohnoma berish kabi masalalar hal etiladi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar