AsosiyJamiyat

Tanzila Narbaeva: Jahon parlamentlari ayol rahbarlarining navbatdagi 14-sammiti O`zbekistonda bo`lib o`tadi

'Tanzila Narbaeva: Jahon parlamentlari ayol rahbarlarining navbatdagi 14-sammiti O`zbekistonda bo`lib o`tadi'ning rasmi

2021 yil 6 sentyabrda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbaeva boshchiligidagi mamlakatimiz delegasiyasi Venada Avstriya Respublikasi Parlamenti va Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etilgan Parlamentlararo ittifoqqa a`zo davlatlar parlamentlari ayol rahbarlari sammitida ishtirok etdi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati xabar berdi.

Unda pandemiya oqibatlarini bartaraf etish va mamlakatlarni pandemiyadan so`ng tiklashda ayollarning ishtirok etishi masalalari muhokama qilindi hamda dolzarb masalalarga parlamentning samarali ta`sir choralari ko`rib chiqildi.

Sammit ishtirokchilariga O`zbekistonda gender tenglik sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil ma`lumot berildi.

O`zbekistonning pandemiyadan keyingi davrdagi ustuvor yo`nalishlaridan biri sifatida xotin-qizlarning e`tiborini iqtisodiy rag`batlarga qaratib, ularning sohadagi ishtirokini qo`llab-quvvatlash va rag`batlantirish, ularga grantlar, kreditlar ajratish, shuningdek, qizlar, ayollarni o`qitish va kasb-hunarlarga o`rgatish bo`yicha tajribaga alohida e`tibor qaratildi.

Shuningdek, respublikada xotin-qizlarning siyosiy faolligini oshirish borasidagi ishlar qayd etildi.

Parlamentlar ayol rahbarlarining navbatdagi 14-sammitini 2022 yilda O`zbekistonda o`tkazish to`g`risida kelishuvga erishildi.

Dunyo mamlakatlari parlamentlari ayol rahbarlari ishtirokida bunday yuqori darajadagi tadbir mamlakatimiz va umuman mintaqada ilk marotaba tashkil etiladi.

Sammitni O`zbekistonda o`tkazish yuzasidan qabul qilingan ushbu qaror – bu jahon hamjamiyati tomonidan O`zbekistonning parlamentarizmni rivojlantirish borasidagi natijalari, gender siyosatidagi sezilarli yutuqlar, shuningdek, jamiyatni demokratlashtirish yo`lida amalga oshirilayotgan tub islohotlar muvaffaqiyatlarining e`tirofidir.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar