Angren shahridagi ko`p qavatli uyning tomi yonayotgani haqida xabar bergan edik.
Favqulotda vaziyatlar vazirligi holat bo`yicha rasmiy ma`lumot berdi.
Unda aytilishicha, bugun, 28 sentyabr kuni soat 12:42 da Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga Angren shahar 4-dahada joylashgan to`rt qavatli 11-uyning tom qismida yong`in sodir bo`layotganligi to`g`risida xabar kelib tushgan.
Xabarga ko`ra, 7 ta yong`in-qutqaruv ekipaji va 1 ta avtonarvon texnikasi soat 12:48 da voqea joyiga etib borgan va yong`in soat 13:30 da bartaraf etilgan.
Yong`in oqibatida uyning taxminan 200-250 kv.m maydonda tom qismi yonib zararlangan.
Hodisa oqibatida halok bo`lgan va jabrlanganlar yo`q.
Hozirda yong`in sababi va zarar miqdori aniqlanmoqda.
Yuqoridagi kabi ko`ngilsiz vaziyatlarning oldini olish maqsadida, Favqulodda vaziyatlar vazirligi fuqarolardan yong`in xavfsizligi qoidalariga rioya etishni so`rab qoladi.