Ijtimoiy tarmoqlarda blogerlik bilan shug`ullanuvchi Bobur G`aniev Uchtepa tumani IIO FMB xodimlari tomonidan ushlanganligi haqidagi xabarlar tarqalmoqda. Mazkur xabar yuzasidan Toshkent shahar IIBB quyidagilarni ma`lum qildi.
Unga ko`ra, joriy yilning 30 sentyabr kuni taxminan soat 23.30 larda Uchtepa tumani “Farxod” bozori ro`parasida o`tkazilayotgan “Xavfsiz poytaxt” profilaktik tadbiri davomida Toshkent shahar IIBB YHXB YPX inspektorlari tomonidan Epika rusumli davlat raqami 01 U 909 BB bo`lgan avtomashina to`xtatilgan.
Transport vositasi haydovchisi 1993 yilda tug`ilgan Abror Kozubaevning (internet tarmog`ida “Abror bloger” nomi bilan tanilgan) hujjatlari tekshirilgan. Shu jarayonda Epika rusumli avtomashinada yo`lovchi sifatida o`tirgan 1987 yilda tug`ilgan Bobur Ganiev (internet tarmog`ida “Avtobloger Bobur Ganiev” nomi bilan tanilgan) YPX inspektorlarini haqorat qilib, janjal ko`targan.
IIO xodimlarining qonuniy talablariga bo`ysunmasdan jamoat tartibini buzgan. Shundan so`ng transport vositasining haydovchisi A.Kozubaev, yo`lovchilari B.Ganiev va O.Salimovlar Uchtepa tumani IIO FMBga olib borilgan. Holat yuzasidan hujjatlarni rasmiylashtirish va tekshiruv o`tkazish jarayonida B.Ganievning shaxsiy uyali telefon apparatida pornografik mazmundagi qonunda taqiqlangan videomateriallar va fotosuratlar borligi aniqlangan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o`tkazilmoqda, natijasi bo`yicha to`plangan hujjatlar qonuniy qaror qabul qilish uchun sudga taqdim etiladi.
"Hurmatli fuqarolar! Unutmang, ishni har tomonlama, to`la va xolisona o`rganilishiga to`sqinlik qilish maqsadida turli shaklda qonunga xilof ravishda ta`sir o`tkazishga urinish jinoiy javobgarlikni keltirib chiqaradi. Shaxs tomonidan sodir etilgan huquqbuzarlik va jinoyat uchun, uning kasbi va faoliyat turidan qat`iy nazar, javobgarlik muqarrar",–deyiladi IIBB xabarida.