2021 yilning 3-oktabr kuni O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Amerika Qo`shma Shtatlari Davlat kotibining birinchi o`rinbosari Uendi Sherman bilan uchrashuv o`tkazdi.
Suhbat chog`ida O`zbekiston-AQSh kun tartibining dolzarb masalalari muhokama qilindi, deya xabar bermoqda Tashqi ishlar vazirligi.
Unga asosan, mintaqadagi vaziyat va Afg`onistondagi voqealar rivoji yuzasidan fikr almashilgan.
Shu bilan birga savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida e`tibor qaratilgan.
Shuningdek, TIV vaziri AQSh O`zbekistonga 5 million dozadan ortiq vaksinani beg`araz taqdim etgani uchun minnatdorchilik bildirib o`tgan.
"Biz AQSh hukumatidan mamlakatimizga "Moderna" va "Pfizer" kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan 5 milliondan ortiq dozadagi vaksinalarni beg`araz asnoda taqdim etgani uchun alohida minnatdormiz",-deydi Abdulaziz Kamilov.